Jamiyat | 16:51 / 12.05.2016
35562
2 daqiqa o‘qiladi

Yashirin kamera orqali mushtumzo‘rga duch kelgan ayolga o‘tkinchilarning munosabati kuzatildi

Tasavvur qiling, ko‘z oldingizda erkak unvoniga ega zo‘ravon nozik jins vakiliga qo‘pol munosabatda bo‘la boshladi. U nafaqat qo‘pollik qildi, balki unga qo‘l ko‘tara boshladi.

Siz bu holatga shunchalik yaqinsiz-ki, uni inkor eta olmaysiz. Xo‘sh, siz qanday yo‘l tutasiz? O‘zlari kelishib olar, degan shubhali fikr bilan vijdoningizni tinchlantirib tezroq uzoqlashishga harakat qilarsiz? Balki vaziyatni yumshatishga urinib, ayolning tarafini olarsiz. Yoki umuman beparvolarcha “Menga nima? Badtar bo‘lsin!” dersiz?

Sthlm Panda guruhi shu kabi ijtimoiy tajribalar o‘tkazadi. Yashirin kamera orqali odamlarning turli vaziyatlarga munosabatini aniqlashga urinadi. Navbatdagi tajribada liftda qiz-dugonasiga qo‘pollik qilayotgan yigit va ushbu holatga o‘tkinchilarning munosabatini o‘rganishga harakat qilgan. 

Achinarlisi, aksariyat odamlar bu vaziyatdan tezroq uzoqlashishga uringan. Ayrimlar pinagini buzmagan bo‘lsa, ba'zilar manziliga yetmasdan liftdan tushib qolgan. Faqat birgina ayol yigitga “agar yana qo‘lingni tekkizsang, politsiya chaqiraman” deya tahdid qilgan. 

Xo‘sh, siz-chi? Ayolga qo‘l ko‘tarilayotganini ko‘rsangiz nima qilar edingiz?