Jahon | 08:29 / 12.05.2016
3690
2 daqiqa o‘qiladi

Xillari Klinton AQSh poytaxtining shtat sifatida tan olinishini yoqlab chiqdi

AQShning sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton AQSh poytaxti Vashingtonni AQShning 51-shtati deb tan olinishini yoqlab chiqmoqda. Klinton bu fikrni The Washington Informer nashrining elektron versiyasida chop etilgan maqolada bildirib o‘tdi.

Klinton poytaxtga shtat maqomi berilishini faol qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tdi.  

"Vashington, Kolumbiya federal okrugi 700 ming amerikalik uchun vatan hisoblanadi, bu miqdor ba'zi davlatlarning aholisi sonidan ko‘proqni tashkil qiladi. Vashingtonliklar boshqalar kabi mamlakat qurolli kuchlarida xizmat qiladilar, hukm chiqaruvchilar hay'atida ishtirok etadilar va soliq to‘laydilar. Shu bilan birga ularda kongressda ovoz berish imkoniyati yo‘q. AQSh o‘z poytaxti aholisiga shunday munosabat bildiruvchi sayyoramizdagi yagona demokratik davlat ekanligiga ishonish qiyin", deb aytdi Klinton. 

"Poytaxtning 51-shtat deb tan olinishi uchun kurashda taraqqiyotning yo‘lida uzoqdan beri turgan to‘siqni barbod qila olamiz, deb o‘ylayman", deb ishonch bildirdi Klinton. 

Klinton Vashington uchun "shtat maqomini berish mushkul masala" bo‘lishi mumkinligini aytgan Donald Trampni tanqid qildi. "Mening fikrimcha, Vashingtonga ko‘plab o‘n yilliklar davomida ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaslik mushkul bo‘lgan", deb aytdi Klinton.

2014 yil iyulda AQSh prezidenti Barak Obama Vashington joylashgan Kolumbiya federal okrugini AQShning 51-shtatiga aylantirilishi tashabbusini bildirgan. Biroq o‘shandan beri hech narsa o‘zgarmagan.