Jahon | 14:19 / 12.05.2016
4281
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston bosh vaziri Afg‘oniston bilan hamkorlikning mustahkamlanishidan tomonlar manfaatdor ekanini bildirdi

Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yetakchisi Sooronbay Jeenbekov Afg‘on ijroiya hokimiyati rahbari Abdulla Abdulla bilan o‘tkazgan muloqoti chog‘ida Qirg‘iziston Afg‘oniston bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdorligi haqida bayonot bergan. Dushanbeda bo‘lib o‘tgan uchrashuv tafsilotlari haqida Qirg‘iziston hukumat matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

"Ikki tomonlama muloqotda qirg‘iz-afg‘on hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, CASA-1000 energetika loyihasi hamda transport kommunikatsiyasi sohasidagi boshqa loyihalarning hayotga tatbiq etilishi zarurligi qayd etildi", deyiladi hukumat bayonnomasida. 

Jeenbekov Qirg‘iziston va Tojikiston elektr energiyasini Afg‘oniston va Pokiston davlatlariga yetkazish bo‘yicha CASA-1000 loyihasini ishga tushirish marosimida ishtirok etish uchun Dushanbega kelgan edi. Loyihani ishga tushirish uchun bir necha yuz kilometrlik elektr uzatish tarmog‘ini barpo etish lozim bo‘ladi. 

"Jeenbekov uchrashuvda Afg‘oniston hukumatiga u yerda istiqomat qiladigan etnik qirg‘izlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan. Shu bilan birga, Afg‘on delegatsiyasini Ikkinchi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari ochilish marosimida ishtirok etishga taklif etgan. U 2016 yil sentabrida bo‘lib o‘tadi".