Texnologiya | 19:07 / 12.05.2016
3537
2 daqiqa o‘qiladi

Nissan Mitsubishi Motors’ning uchdan birini xarid qiladi

Yaponiyaning Nissan Motor avtomobilsozlik kompaniyasi Mitsubishi Motors’ning 34 foiz aksiyasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Mazkur bitim imzolangudek bo‘lsa, Nissan Mitsubishi Motors’ning bosh aksioneri bo‘ladi. 

Uning narxi 200 milliard iyenaga (hozirgi kurs bo‘yicha 1,8 milliard dollar) baholanishi mumkin. Bloomberg’ning ma'lum qilishicha, Nissan raqibining 33 foiz aksiyasini sotib olishi ehtimol. Uning bozor narxi 1,5 milliard dollarga yaqin turadi.

Yapon OAVda Mitsubishi Motors direktorlar kengashi Nissan nazoratiga o‘tish borasida bir to‘xtamga kelgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Nissan rahbariyati esa taklifni 12 may kuni ko‘rib chiqadi.

Bloomberg manbalarining ta'kidlashlaricha, Mitsubishi’da hissa sotib olish imkoniyatini boshqa kompaniyalar, xususan, Pekinning BAIC Motor kompaniyasi ham ko‘rib chiqmoqda. Mitsubishi Motors bilan bog‘liq yoqilg‘i mojarosi ushbu savdolar ehtimoliga sabab bo‘lmoqda.

Ma'lumki, 20 aprel kuni kompaniya rahbariyati Yaponiya transport vazirligiga topshirgan murojaatida, avtokonsern kichik litrajli avtomobillar yoqilg‘i sarfiga oid sinov jarayonlari natijalarini qalbakilashtirganini tan olgan edi. 
Kelgusi kun Yaponiya hukumati Mitsubishi Motors’ning Okadzakidagi bosh qarorgohida tekshiruv o‘tkazgandi. Buning natijasida Mitsubishi aksiyalari qiymati 40 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish