Sport | 14:09 / 12.05.2016
5366
3 daqiqa o‘qiladi

"Real" yana bir marta Forbes talqiniga ko‘ra dunyoning eng qimmatbaho klubi sifatida e'tirof etildi

Forbes jurnali dunyodagi eng qimmatbaho futbol jamoalari reytingini tuzdi.

Bu reytingda qatorasiga to‘rtinchi marta Madridning "Real" jamoasi yetakchilik qilgan. Jamoaning narxi jurnal tomonidan 3,65 mlrd dollarga (bu orqali jamoa 1 yil ichida 12 foizga qimmatlagan) baholangan.

Jamoaning 2014/15 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra daromadi 694 mln dollarni tashkil qilgan.

Keying 10 yilda "Real" jamoasi daromadi har yili o‘rtacha 7,7 foizga o‘sgan. Bunga jamoaning xalqaro maydonlardagi turnirlarda muvaffaqiyatli ravishda ishtirok etishi hamda Adidas va Emirates kompaniyalari bilan tuzilgan homiylik shartnomalari evaziga erishilgan.

Reytingning ikkinchi o‘rnida esa 1 yil oldin bo‘lgani kabi "Barselona" qayd etilgan. Forbes jurnali bu jamoani 3,56 mlrd dollarga baholagan, kataloniyaliklar jamoasining o‘tgan mavsumdagi daromadi 675 mln dollar bo‘lgan. 1 yil oldingi reytingda jamoa narxi 3,2 mlrd dollar etib belgilangandi. Nashrning qayd etishicha, jamoa keyingi yillarda birinchi o‘ringa ham ko‘tarilib olishi mumkin. Bunga "Barselona"ning yangi stadioni yaqin yillar ichida rekonstruksiya qilinishi va sig‘imi ortishi imkon beradi. Tomoshabin sig‘imining oshishi o‘yinlarning chiptalaridan tushadigan daromad miqdorini oshiradi.

Jurnal to‘rtinchi o‘ringa "Manchester Yunayted" jamoasini joylashtirgan. Jamoaning narxi 3,32 mlrd dollar. Ingliz klublari orasidagi rekord ko‘rsatkich mankunianliklarning  Adidas kompaniyasi bilan 10 yillik homiylik shartnomasi tuzishi orqali amalga oshdi. Bu shartnomaga ko‘ra, jamoaga 1,1 mlrd dollar mablag‘ berilishi ko‘zda tutilgan.

Forbes talqiniga ko‘ra dunyoning to‘rtinchi o‘rindagi qimmat klubi  "Bavariya" jamoasi hisoblanadi (2,68 mlrd dollar). Aprelda myunxenliklar Adidas kompaniyasi bilan hamkorlikni 10 yilga uzaytirgandi va yangi shartnomaga ko‘ra 986 mln dollar oladigan bo‘lgandi.

Reytingda beshinchi o‘ringa Londonning "Arsenal" jamoasi joylashgan (2,02 mlrd dollar). Mavsum avvalida jamoa mavsum abonomentlari narxini 2895 dollarga ko‘targandi.

Yana bir ingliz jamoasi "Manchester Siti" oltinchi o‘rinda - 1,92 mlrd dollar. Yettinchi o‘rinda - Londonning "Chelsi" jamoasi joylashgan. Roman Abramovich klubini Forbes 1,66 mlrd dollarga baholagan.

Keyingi o‘rinlarni "Liverpul" (sakkizinchi o‘rin, 1,55 mlrd dollar), "Yuventus" (to‘qqizinchi o‘rin, 1,3 mlrd dollar) va "Tottenhem" (o‘ninchi o‘rin , 1,02 mlrd dollar) band etishgan.

Dastlabki yigirmatalikdagi jamoalarning o‘rtacha narxi 1,44 mlrd dollardan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 24 foizga yaxshiroq hisoblanadi.