O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Germaniyaning mashhur jamoatchilik va siyosat arbobi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2016 yilning 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniyaning mashhur jamoatchilik va siyosat arbobi Lotar de Mezerni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
L. de Mezer mamlakatimizga «Birlashgan Germaniyada transformatsion jarayonlarning va O‘zbekiston yangi tarixi boshlang‘ich bosqichining 25 yilligi» mavzusidagi ekspertlar uchrashuvida ishtirok etish uchun keldi. Mazkur tadbir Toshkent shahrida K.Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy vakolatxonasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan tashkillashtirilgan.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va GFR o‘rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari hamda K.Adenauer nomidagi jamg‘armaning ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishdagi ishtiroki muhokama qilindi.
L. de Mezer O‘zbekistonda bo‘lishi chog‘idagi ko‘rganlari haqida so‘zlar ekan, mamlakatimizdagi tarixiy o‘zgarishlar, arxitektura va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hamda o‘zbek xalqining boy tarixiy merosini asrab-avaylash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar unda iliq taassurot qoldirganini ta'kidladi.
Uchrashuvda K.Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Tomas Kutse ishtirok etdi.