Jamiyat | 21:05 / 12.05.2016
7715
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbektelekom” AK filiallaridan birining rahbari kompaniya mablag‘larini talon-taroj qilganlikda ayblandi

“O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasining “Bino servis” filiali direktori Dilshod Mansurov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mansab mavqeini suiiste'mol qilib, kompaniyaning mablag‘larini talon-taroj qiladi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda. 

Aslida ushbu shaxs rahbarlik qilayotgan filialning zimmasiga “O‘zbektelekom” AKga qarashli beshta binoni soz holatda saqlash yuklatilgan edi.

Dastlab, u Toshkentdagi Amir Temur ko‘chasida joylashgan, kompaniyaga tegishli bo‘lgan binodagi isitish batareyalarini almashtirish orqali noqonuniy daromad olishni maqsad qiladi. D.Mansurov qilayotgan ishlarni go‘yoki hujjatlarda bajarilgan qilib ko‘rsatadi va ish haqi uchun 9 mln. 117 ming so‘m pulni kompaniyaga hech qanday aloqasi bo‘lmagan fuqaro B.Toshqulovning nomiga plastik kartochka ochib o‘tkazib, o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab yuboradi. 
U binoni oldi qismini ta'mirlash bahonasida yana uch nafar kishining nomiga plastik kartochka ochadi va 38 mln. 101 ming so‘m pullarni tushirib oladi.

Bu shaxs yana bir MChJ rahbari Umirbek Yo‘lchiyev bilan 47 mln. 199 ming so‘mlik shartnomani tuzadi. Bu ikki rahbar jinoiy til biriktirib, aslida bajarilmagan ishlarni 5 mln. 369 ming so‘mga ko‘paytirib hisobot tayyorlagan ekan.
Mazkur ishni ko‘rip chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi D.Mansurov hamda U.Yo‘lchiyevga nisbatan tegishli jazo tayinlanib, hukm chiqarilgan.