Sport | 11:42 / 13.05.2016
6216
2 daqiqa o‘qiladi

2 iyun kuni O‘zbekiston Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi borasida kelishuvga erishilgan. Qirg‘iziston futbol federatsiyasi tomonidan ma'lum qilinishicha, ikki terma jamoa 2 iyun kuni Toshkent shahrida uchrashadi. Bu haqda Qirg‘izistondagi cissoccer.com nashri xabar tarqatgan.

Bundan oldinroq, Qirg‘iziston termasi 2 iyun kuniga Livan termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi belgilangandi, ammo livanliklar tashabbusi bilan bu uchrashuv bekor qilingan va qirg‘izistonliklar O‘zbekiston futbol federatsiyasiga yuzlanishgan.

Ayni paytda O‘zbekiston FIFA reytingida 66-o‘rinda, Qirg‘iziston esa 100-o‘rinda qayd etilgan.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston milliy terma jamoalar darajasida shu vaqtgacha 5 marta uchrashgan. O‘yinlarning barchasida o‘zbekistonliklar g‘olib bo‘lishgan, to‘plar nisbati - 22:2.

Qirg‘izistonliklarning 2ta goli 1992 yili Bishkekda o‘tgan bahsda Asilbek Momunov va Oleg Kozmirchuk tomonidan urilgan.

Qayd etish kerakki, Qirg‘iziston terma jamoasining ilk rasmiy uchrashuvi aynan O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan. Bu o‘yin 1992 yilning 23 avgustida bo‘lib o‘tgan va unda O‘zbekiston 3:0 hisobida ustun kelgan.

Avvalroq xabar berilganidek,  Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi ham iyun oyida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan. Ulardan biri 8 iyun kuni Avstriyadagi yig‘in davomida Kanada terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish