AQShda sayyoraning eng keksa insoni sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan ayol 116 yoshida vafot etdi
12 may kuni Yer sayyorasining eng keksa ayoli Syuzanna Mushatt Jons Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi qariyalar uyida 116 yoshida vafot etdi. Bu haqda Associated Press agentligiga tayanib TASS xabar qildi.
Jons 1899 yil 6 iyun Alabama shtatida dunyoga kelgan. Kichik yer egasi va uy bekasi oilasida u 10-farzand bo‘lib tug‘ilgan. 1923 yili Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan va deyarli butun umr enaga bo‘lib ishlagan. Oyiga 200 dollarlik kamtarona maoshiga qaramasdan Jons o‘z jamg‘armalaridan uch nafar jiyanining kollejda o‘qish pulini to‘lagan. Shu yordamini ayol o‘zining hayotidagi eng katta yutug‘i deb hisoblagan.
Syuzanna Mushat sayyoraning eng keksa insoni sifatida o‘tgan yili yaponiyalik eng katta yoshli Misao Okava vafot etgach, Ginness Rekordlar kitobida qayd etilgandi.
Endilikda yer yuzining eng keksa odami italiyalik Emma Morano bo‘lib qoldi. U marhum Jons xonimdan bir necha oyga kichik hisoblanadi.