Yaroqsiz dorilar savdosi fosh etildi
Fuqarolar Shohrux Akbarov hamda Alijon Usmonovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) g‘ayriqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Ular xaridorga dori sotayotganida ushlandi. Bu haqda Huquq gazetasi yozmoqda.
Bu kimsalar 2014 yildan buyon Respublikamiz hududiga aylanma yo‘llar orqali sifatsiz va qalbaki dori vositalarini olib kelib, fuqaro Munira Nabiyevaga 500 quti lori vositasini 3 mln.750 ming so‘mga sotadilar. O‘z navbatida M.Nabiyeva ushbu dorilar tarkibini tegishli joyda tekshirtirib ko‘rganida, ushbu vositalar iste'molga yaroqsiz ekanligi ma'lum bo‘ldi.
M.Nabiyeva firibgarlarning qilmishi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qiladi. SVOJJDLQK departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Sh.Akbarov hamda A.Usmonov o‘zlarida saqlab kelayotgan qalbaki dorilarning 5 ming qutisini M.Nabiyevaga 37 mln. 5 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalarini respublikamiz hududida sotish va amaliyotda qo‘llash taqiqlanganligi ma'lum bo‘ldi.
Mazkur ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi Sh.Akbarovga uch yarim yil, A.Usmonovga esa uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, hukm chiqardi.