Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belgiya terrorchi oilasiga 78 ming yevrodan ko‘proq tovon puli to‘ladi
Belgiya AQShda umrbod qamoq jazosi o‘tayotgan terrorchining oilasiga 78 ming yevrodan ko‘proq tovon puli to‘ladi. Bu haqda DH.be xabar bermoqda.
Belgiya hukumati bu pullarni Belgiyada yashaydigan terrorchi Nizar Trabelsi oilasiga o‘tkazib berdi. Pullarning o‘tkazilganini adliya vaziri Koyen Gens tasdiqladi.
2003 yilda Trabelsi Belgiyaning Klyayn-Brogele shahrida joylashgan NATOning harbiy bazasiga terakt uyushtirmoqchi bo‘lgani uchun Belgiyada 10 yillik qamoq jazosiga tortilgan. 2008 yilda AQSh Trabelsining AQShning Parijdagi elchixonasiga qarshi qaratilgan yana bitta teraktni tayyorlashda ishtirok etgani borasida isbotlarni keltirib, uni AQShga ekstraditsiya qilishni so‘rab murojaat qilgan.
Trabelsi Belgiyada jazoni o‘tab bo‘lgach, AQShga topshirilgan va u yerda muddatdan avval ozod bo‘lish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga tortilgan. Aynan amnistiya qilish imkoniyatining yo‘qligi terrorchi oilasining Belgiyaga qarshi da'vo qilishiga sabab bo‘ldi.
Yevropa sudi 2014 yilda Belgiyaga terrorchi oilasiga uning AQShga topshirilishi uchun 90 ming yevro tovon puli to‘lash majburiyatini qo‘ygan, chunki AQShda berilgan jazo terrorchi Belgiyada olishi mumkin bo‘lgan eng maksimal jazo muddatidan oshib ketadi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar chiqarib tashlangandan keyin, oxirgi to‘lov miqdori 78 ming 791 yevroni tashkil qildi.
RIA “Novosti” axborot agentligining ma'lum qilishicha, Trabelsi "Al-Qoida" terrorchilik guruhi a'zosi bo‘lgan. U ekstremistlarga qo‘shilishdan avval professional futbolchi bo‘lgan va Bundesliganing "Fortuna" klubida to‘p surgan.
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining ba'zi qarorlari bahslarga keltirib chiqaradi. Joriy yilning aprelida sud Norvegiya hukumatini qamoqda qoniqarsiz sharoitlarda saqlashda ayblagan terrorchi Anders Breyvikning da'vosini qondirgan. Norvegiya ushbu qarorga ko‘ra terrorchiga 35 ming yevro tovon puli to‘lab berishi kerak.