Jahon | 15:24 / 13.05.2016
5901
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda majburan elektromobillarga o‘tilmoqda

Tayyuan shahri  - sharqiy Shansi Xitoy provinsiyasining oddiy ma'muriy markazi. Xitoyning boshqa shaharlaridan ajratib turadigan jihati shundaki, tez oradi bu yerda ishlovchi taksi haydovchilarning barchasini elektromobillarga o‘tkaziladi. Bu haqda shahar yo‘lovchilar tashish bo‘limi ma'lumotiga tayanib, Sinxua xabar qildi. 

Xitoy – aholi zich yashaydigan mamlakat, Tayyuan shahri ham istisno emas. Bu yerda odamlar va mashinalar juda ko‘p. Taksi haydovchilari sonining o‘zi sakkiz mingdan ortiq. Taksopark uslubini yangilash to‘g‘risida o‘tgan yili qaror qilingan edi. 

Hozirgacha gaz yonilg‘isi hamda benzinda harakatlanuvchi 4 mingdan ortiq eski taksilar zamonaviy va chiroyli elektr avtomobillariga almashtirildi. 

Shahar ifloslanish darajasi kamayadi, taksi haydovchilari esa yoqilg‘i quyish shoxobchalari kassasida o‘z navbatlarini avvalgidek uzoq kutmaydi. Chunki elektromobilni zaryadlash haqini smartfondagi maxsus ilova orqali to‘lash mumkin. Bir kilovatt-soat narxi taxminan 900 so‘m. 

Xitoyning ekologik toza energiya manbai hisobiga harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqaruvchilari tobora faollashib bormoqda. Shu  yil yanvar oyidan aprelgacha 94ta shunday “toza” avtomobillar ishlab chiqarildi, ulardan 70 mingdan ortig‘i Xitoyning ekologik toza avtomobil qurilishining 2/3 qismini tashkil etuvchi elektromobildir. 

Xitoyda havoning ifloslanish muammosi keskinlashgan. Shiddat bilan rivojlanayotgan ishlab chiqarish korxonalari atrof-muhitni shu qadar ifloslantiradiki, yirik sanoat markazlari osmonida doim zararli smog (yirik sanoat shaxarlarida tutun, qurum, kul zarralari, chang, yonilg‘i bug‘i kabilar aralashmasidan iborat zaharlangan havo) to‘planib turadi. Ularga yana avtomobillarning chiqindi gazlari qo‘shiladi. Shuni inobatga olib, elektromobillarga majburiy o‘tilishi shaharliklarning yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan kurashda samara berishi kutilmoqda.