Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zlatan Ibrahimovich futbolchilik faoliyatini yakunlagach, "PSJ" tizimida ishlash uchun qaytadi
"Pari Sen-Jyermen" jamoasining shvetsiyalik hujumchisi Zlatan Ibrahimovich jamoa rahbariyati bilan futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin klub tizimida ishlash bo‘yicha og‘zaki kelishib olgan. Bu haqda jamoa saytidagi xabarga asoslanib AFP xabar tarqatgan.
Bugun 34 yoshli futbolchi "PSJ"ni mavsum yakunida tark etishi haqida rasman ma'lum qildi.
"Ibrahimovich o‘tgan 4 mavsum davomida jamoada eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. U futbolchilik faoliyati yakunlanganidan keyin jamoa rahbariyatida ishlaydi. U jamoaning Yevropadagi eng kuchli klublardan biri bo‘lishi uchun o‘z salohiyati bilan yordam bera oladi", deyilgan xabarda.
"Men bu yillar uchun g‘ururlansam bo‘ladi. Men bu jamoada o‘tkazilgan har bir kundan rohat oldim. "PSJ" keyingi vaqtlarda dunyodagi eng kuchli jamoalardan biriga aylanib bordi va men bu jarayonda ishtirok etganimdan mamnunman. Lekin yo‘lni o‘zgartirish vaqti keldi. Men xuddi qirollardek kelgandim va afsonalardek ketmoqdaman", degan futbolchining o‘zi.
Ibrahimovich parijliklar safida o‘tkazgan to‘rt mavsumi davomida 11 sovrinni, jumladan 4 karra mamlakat chempionligi, uch karra chempionatning eng yaxshi futbolchisi unvonlarini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari "PSJ" tarixidagi eng yaxshi to‘purarga ham aylandi.
Turli nashrlarda berilgan xabarlarga ko‘ra, futbolchi yangi mavsumda AQSh chempionati vakili "Los-Anjyeles Gelaksi"da yoki Yevropadagi "Milan", "Manchester Yunayted" boshqa bir qator grandlardan biri safida davom etishi mumkin.