Jahon | 21:29 / 14.05.2016
6810
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropol Yevro-2016’da teraktlar sodir etilishiga tayyor turibdi

Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati –  Yevropolda Fransiyada yoz boshida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati vaqtida teraktlar sodir etilishi mumkinligi aytildi. Bu haqda tashkilot direktori Rob Ueynrayt Die Welt nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Men Yevropa chempionatini katta xavotir bilan kutmoqdaman", deb aytmoqda Ueynrayt. U chempionat "terrorchilarni o‘ziga tortuvchi nishon" ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

"Kafe, restoran va konsert zallari kabi himoyalanmagan nishonlarga hujum qilish oson. Politsiya uchun bu o‘ziga xos chaqiriqdir", deb aytdi Ueynrayt.

Ueynraytning aytishicha, Yevropadagi barcha ehtimoliy terrorchilar ortidan kun bo‘yi kuzatishning imkoni yo‘q, chunki buning uchun yetarlicha resurslar mavjud emas. Bundan tashqari, bu "erkin demokratiya tushunchasiga" zid keladi.

Parij va Bryusselda teraktlar amalga oshirilgandan keyin Yevropa maxsus xizmatlari o‘zaro harakatlarni kuchaytirishdi, axborot bilan faolroq almashishni boshlashdi, biroq bu yetarli bo‘lmayapti. Ueynraytning fikricha, Yevropadv "kim juda xavfli hisoblanishi"ning yagona ta'rifi yo‘q. Yevropa davlatlari bu masala bo‘yicha yagona to‘xtamga kelishlari kerak.

Yevropa chempionati 10 iyundan 10 iyulgacha davom etadi. Chempionat uchrashuvlari Fransiyaning 10 shahridagi 10 ta stadionda bo‘lib o‘tadi.