Fir'avnlar qarg‘ishi mavjudmi...
2014 yilning avgust oyida ustalar Qohiradagi Milliy muzeyni ta'mirlayotganlarida tasodif tufayli qadimgi Misr fir'avni Tutanxamon oltin niqobining soqol qismini sindirib qo‘yishgan edi.
Ular hech kim bilmasin degan niyatda soqolni o‘z bilganlaricha yelimlashdi. Biroq yelim oddiy bo‘lgani sabab uning asoratlari tez orada fosh bo‘ldi. Bu o‘z navbatida katta shov-shuvlarga olib keldi. Ayni damda Kristian Ekman rahbarligida germaniyalik va misrlik mutaxassislar firavn niqobini restavratsiya ishlarini olib bormoqda. Restavratsiya jarayoni ikki oy davom etadi. Bu haqda o‘tgan haftada Loyiha rahbari bayonot berdi. Uning so‘zlariga qaraganda ta'mirlash ishlari ikki bosqichda olib boriladi. Birinchi bosqichda yomon yelimlangan soqol ko‘chiriladi va qayta niqobga yelimlanadi. Ikkinchi bosqich esa ancha murakkab bo‘lib, unda niqob qanday materiallardan ishlangani o‘rganiladi. Muxbirlarning ma'lum qilishicha, ayni damda Misr ramzi bo‘lmish niqob muzeyning oynali vitrinasidan olinib, maxsus binoga qo‘yildi.
Eramizdan avvalgi 1332-1323 yillarda xukmronlik qilgan Tutanxamonning dafn marosimida ishlatilgan oltin niqob Shoxlar vodiysida tadqiqot ishlarini olib borayotgan britaniyalik olim Hovard Karter tomonidan 1922 yilda topilgan edi. Niqob oltin va lazuritdan ishlangan bo‘lib, 19-yoshli firavnning yuzini aks ettirishi aytiladi. Tobut esa talon taroj qilinmagan edi.
2007-2009 yillarda Misr va G‘arb olimlari eng zamonaviy jihozlar yordamida qadimgi fir'avnlarning mo‘miyolarini o‘rganishdi. Ayrimlar Tutanxamon Exnatonning o‘g‘li bo‘lgan desa, boshqalar uning otasi Smenxkara ekanini aytishadi. Bu fir'avn Exnatonning ukasi yoki o‘g‘li ekani taxmin qilinadi. 2007-2008 yilgi tadqiqotlar natijalari 2010 yilning 17 fevralida e'lon qilindi. O‘shanda olimlar Tutanxamonning otasi fir'avn Exnaton ekanini aniqlashgan edi. Biroq, ayrim misrshunoslar bunga e'tiroz bildirishdi. Ularning fikricha, o‘rganilgan epigrafika ma'lumotlarida Exnatonning farzandlari orasida Tutanxamonning surati aks etmagan. Shuning barobarida, uning onasi kim bo‘lgani ham aniqlanmagan. Shunisi aniqki, uning o‘gay onasi bo‘lmish Nefertiti o‘z davrining eng go‘zal va nufuzli ayoli bo‘lgan edi. Tutanxamonning yoniga uning rafiqasi yoki onasi dafn etilgan bo‘lishi mumkin. Olimlarning fikricha 19 yoshida vafot etgan fir'avn o‘gay onasiga mo‘ljallangan qabrga dafn etilgan bo‘lishi xam mumkin ekan. Shu sababli uning qabri atrofi tadqiqot qilinishi lozim.
Yoshligida Aton iloxi sharafiga Tutanxaton (“Aton singari tirik”) deb atalmish shaxzoda 10 yoshida taxtga chiqdi. Otasining o‘limidan keyin o‘z nomini Tutanxamon, Amon singari tirik, deb o‘zgartirdi. 9 yillik xukmoronligidan so‘ng Tutanxamon 20 yoshga yetmasdan noma'lum kasallik sabab sirli ravishda vafot etadi. Taxminlarga qaraganda Tutanxamon o‘ldirilgan bo‘lishi xam mumkin. Shuningdek, uning aravadan yiqilib tushib, jaroxat olgani bois vafot etgani xam aytiladi. U Shoxlar vodiysiga dafn etilgan. Uning Eyye tomonidan uyushtirilgan fitna qurboni bo‘lgani borasida ham taxminlar mavjud. Chunki aynan Eyye Tutanxamondan so‘ng yangi firavn bo‘ladi.
Dafn marosimi mart-aprel oylarida bo‘lib o‘tgani taxmin qilinadi. Chunki mo‘miyo o‘rganilganida gullar qoldiqlari topilgan. Mo‘miyolash jarayoni 70 kun davom etgani xisobga olinadigan bo‘lsa, u xolda Tutanxamon dekabr-yanvar oylarida vafot etgani oydinlashadi. Ma'lumki, qadimgi Misrda mana shu oylarda ov mavsumi o‘tkazilgan. Firavnning ovga chiqqanida aravadan yiqilib o‘lgani xaqidagi taxminlar ham ilgari surilmoqda. Uning qabri boshqa fir'avnlarning qabridan farqli ravishda o‘g‘rilar tomonidan talon-taroj qilinmagani ham ma'lum bo‘ldi. Jasad yonidan qadimiy sanat asarlarining topilgani shundan dalolat beradi. Bu topilmalar tufayli Qadimgi Misr saroyining turmush tarzi xaqida atroflicha tasavvurlarga ega bo‘lish mumkin. Uning o‘limi va saroy xonadonining boshqa sirlari oradan 3 ming yil o‘tib genetiklar tomonidan aniqlandi. Ma'lum bo‘lishicha buyuk islohotchi bo‘lmish Tutanxamon Qadimgi Misr ma'naviy hayotini tubdan o‘zgartirmoqchi bo‘lgan. Yillar davomida tarixchilar nazdida Tutanxamon 20 asr boshlariga qadar ikkinchi darajali fir'avn bo‘lib kelgan. Hatto uning hayotda bo‘lganiga shubha bilan qarovchilar ham topilardi. Shu sababli xam Tutanxamon qabrining ochilishi arxeologiya tarixida noyob hodisa sifatida qabul qilindi. Mo‘miyo boshdan oyoq oltin taqinchoqlar bilan bezatilgan, qabrda esa firavn hayotligida ishlatgan buyumlar bor edi. Tutanxamonga tegishli bu topilmalar dunyo sayyoxlarining e'tiborini tortdi. Shohlar vodiysiga sayyohlar, muxbirlar oqib kela boshladi.
Shuni ta'kidlash kerakki, fir'avning qabrini ochishda ishtirok etgan olimlarning sirli o‘limlari xaqida gazetalarda ko‘p yozildi. Ya'ni, 22 nafar ishtirokchi fir'avnning qarg‘ishiga uchragani bois sirli vafot etgani borasidagi maqolalar ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biroq bu gaplarning xammasi gazetalarning uydirmasi bo‘lib chiqdi. Faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, ekspeditsiya a'zolarining deyarli hammasi o‘z ajali bilan 70 yoshdan oshib, hatto 84 yoshda vafot etgan. Qabrni ochishda ishtirok etgan Hovard Karter birinchi qurbon bo‘lishi kerak edi, ammo u 1939 yilda 66 yoshda hayot bilan vidolashgandi.
Sharofidin To‘laganov