Jahon | 13:17 / 14.05.2016
7155
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston maxsus xizmati mamlakat prezidentligi uchun sobiq nomzodni hibsga oldi

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rasmiy vakili Raxat Sulaymanovning ma'lum qilishicha, Qirg‘iziston davlat rahbarligi uchun nomzodini ilgari surgan Nurlan Motuyev, terrorizmga chorlaganlikda ayblanib qo‘mita xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. 

"Motuyev ushlandi, unga ayblov e'lon qilingan", -deb izohlagan Sulaymanov. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchini ushlashga uning "terrorizmga chaqiriqlari" sabab bo‘lgan. 

"U yaqinda bo‘lib o‘tgan forum va miting chog‘ida shunday fikrlarni bildirgan". Sulaymanovning qayd etishicha, Motuyevning shu mavzudagi chiqishlarini internet tarmog‘ida ham ko‘rsa bo‘ladi. 

Mahalliy OAV xabarlariga qaraganda, Bishkekda bo‘lib o‘tgan forum chog‘ida nutq qilgan Motuyev, insonlar "bu dunyo hayotiga bog‘lanib qolmasligi", aksincha "mujohidlar kabi" yashashlari lozim degan so‘zlarni aytgan. 

Motuyev 2011 yil kuzida Qirg‘iziston prezidentligi uchun nomzodini ilgari surgan, biroq ovoz berish jarayoni boshlanishiga oz qolganda nomzodini qaytarib olgan edi. 

U respublikada o‘zining keskin qarashlari bilan tanilgan. Bir necha yillar muqaddam, Motuyev qirg‘iz gazetalaridan birining binosiga bostirib kirgan va texnikalarini yo‘q qilgan edi. O‘tgan o‘n yillik oxirlarida esa, Kara-kechdagi ko‘mir konida odamlarga granata ham uloqtirgandi. Mazkur voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ammo o‘sha paytdagi "ko‘mir qiroli" (OAV Motuyevni shunday atashgan) ma'muriy jarima bilan qutilib qolgan edi.