Sport | 16:29 / 15.05.2016
4010
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvaning "Lokomotiv" jamoasi sobiq futbolchisi Manchesterda yo‘lovchiga hujum qilishda gumonlanib qo‘lga olindi

Moskvaning "Lokomotiv" jamoasi sobiq hujumchisi, ayni vaqtda "Everton" sharafini himoya qilayotgan Umar Niyaz Angliyada yo‘lovchiga hujum qilganlik gumoni bilan qo‘lga olingan. Bu haqda Liverpool Echo xabar tarqatgan.

Senegallik futbolchi temiryo‘lchilar safidan ingliz klubi safiga 2016 yilning fevralida kelib qo‘shilgandi.

Bu hodisa 13 may kuni tongida Manchester shahrida ro‘y bergani aytilgan. Politsiyaga ismi aytilmagan shaxs tomonidan yo‘lovchiga hujum qilingani to‘g‘risida ma'lumot kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan politsiyachilar 26 yoshli Niyazni qo‘lga olishgan. Keyinchalik u tekshiruvlar yakunlanmagani tufayli qo‘yib yuborilgan.

"Zobitlar yo‘lda yo‘lovchilardan biriga hujum qilingani bo‘yicha so‘roq berish uchun bir yigitni mahkamaga keltirishdi. U 27 may kunigacha, tekshiruvlar natijasi aniq bo‘lgunicha qo‘yib yuborildi", - degan Manchester shahri politsiyasi vakili.

"Klub zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini qoralaydi", - degan bu xabarga munosabat bildirgan "Everton" klubi rasmiysi.