Jahon | 17:25 / 16.05.2016
3768
2 daqiqa o‘qiladi

Bishkek militsiyasi pushtirang pianinoni portlovchi qurilma deb gumon qildi

Qirg‘iziston poytaxti huquq-tartibot idoralari, shahar markazida pushtirang pianino aniqlangach, tezkor shaylik holatiga keltirildi. RIA «Novosti» agentligining xabariga ko‘ra, keyinroq u mamlakat siyosiy partiyalaridan biri tomonidan shahar aholisiga tuhfa etilgani ma'lum bo‘lgan.

«16 may kuni poytaxt IIBB operativ xizmatiga, Bishkek markazidagi «Glavpochtamt» binosi yaqinida o‘rnatilgan, pianinoga o‘xshash shubhali obekt xususida telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lgan. Voqea joyiga militsiya tergov bo‘limi va kinologiya xizmatining 45 xodimi yetib borgan, milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari jalb etilgan, shubhali predmet atrofi o‘rab olingan», — deyiladi shahar matbuot xizmatida. 

Militsiya xodimlari «pianinoga qo‘lbola portlovchi moslama o‘rnatilgani yoki yo‘qligini aniqlashgach», uni hodisaga oydinlik kiritilguncha Sverdlov tumani ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishgan. 

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, pianino «Ata-Meken» partiyasining «xohlagan kishi unda musiqa ijro eta olsin uchun shahar va shaharliklarga hadyasi bo‘lgan». Bu haqda partiyaning o‘zi ma'lum qilgan. 

Bishkek shahri matbuot markazida ta'kidlanishicha, ushbu aksiyaning shahar hokimligi bilan kelishilmasdan o‘tkazilishi, huquq-tartibot idoralari tomonidan mablag‘larning sarflanishiga olib kelgan.