Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMW va Toyota’ning birgalikdagi sportkarini ishlab chiqarish bilan avstriyaliklar shug‘ullanishadi
BMW va Toyota kompaniyalari birgalikda yaratgan ikkita yangi sportkarni yig‘ish Avstriyada Magna kompaniyasi korxonasida yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Kleine Zeitung nashri xabar berdi.
Gap BMW Z4 rodsterining davomi, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u Z5 deb nom olishi mumkin, hamda qayta tiklangan Toyota Supra kupesi haqida ketmoqda. Birinchi bo‘lib konveyerga nemis modeli qo‘yiladi, bir necha oydan keyin esa unga "Toyota" qo‘shiladi. Ikkala sportkar 2018 yildan boshlab chiqariladi.
Modellarning platformasi va texnologiyalarning katta qismi bir xil bo‘ladi. Shu bilan birga ularning dizayni turlicha va bir-biridan farqlanuvchi motor gammasi bo‘ladi. Magna’da modellarning har yilgi umumiy hajmi 60 ming dona mashinani tashkil qilishi taxmin qilinmoqda. Modellarning birinchi josuslik rasmlari internetda 2016 yil yanvarida paydo bo‘lgan.
Yapon va nemis avtomobil kompaniyalarining hamkorligi 2013 yilda boshlangan. O‘shanda kompaniyalar imzolagan kelishuvga ko‘ra, kompaniyalar yonilg‘i yacheykalarida ishlovchi kuch qurilmasi, o‘rta o‘lchamdagi sportkar arxitekturasi, yengil kompozit materiallar va yangi turdagi akkumulyator ustida birgalikda ishlashni boshlashlari kerak edi.
Modellarning birinchi prototiplari ustida ishlar 2014 yilda boshlangandi. O‘shanda modellar 2017 yilda bozorga chiqarilishi mumkinligi ma'lum qilingandi.