Buyuk Britaniya Airbus samolyotlari operatsion tizimida xato topdi
Britaniyalik ekspertlar Airbus operatsion tizimi sozlamalarini qo‘lda o‘zgartirishga harakat qilganda topgan xatosi o‘tgan yilning iyunida Belfast aeroportidagi yoqimsiz hodisaga sabab bo‘lgan. Bu xulosa Britaniyaning havo halokatlarini o‘rganuvchi bo‘limi tomonidan bildirilgan. Bu haqida MarketWatch xabar qildi.
O‘shanda easyJet kompaniyasining Airbus A319 samolyoti 161 nafar yo‘lovchisi bilan qo‘nish maydonidan tashqariga chiqib ketishiga bir baxya qolgandi.
Havo kemasi uchuvchilari bort hujjatlarining kompyuterlashtirilgan elektron tizimi sozlamasini beixtiyor o‘zgartirib yuborishdi, samolyot havoga ko‘tarilgandan keyingina buni anglab yetishgan. Tergov xulosasida uchuvchilarga bort hujjatlari tizimiga kiritilgan ma'lumotlarni qayta tekshirib chiqish maslahat qilinadi. Ma'ruzada ta'kidlanishicha, Airbus qurilmada uchuvchilar tomonidan noto‘g‘ri ma'lumotlar kiritilishining oldini oluvchi o‘zgartirishlar kiritgan. Shunday yangilanish Belfastdagi hodisadan biroz avval ishlab chiqilgandi, biroq easyJet dasturni yangilamagan va Airbus'ning ma'lumotlar kiritish qoidalariga doir yo‘riqnomasiga rioya qilmagan.
Airbus va easyJet hodisani to‘liq o‘rganib chiqib, ekspertlarning xulosasini tasdiqlashdi hamda bunday holat takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishga va'da berishdi.