10:21 / 16.05.2016
11186

Xovan qabristonidagi mushtlashuvdan keyin rossiyalik senatorlar muhojirlar uchun vizalar kiritishni taklif qilishmoqda

Rossiya Federatsiya kengashida Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini kiritish taklif qilinmoqda. Federatsiya kengashi raisining mudofaa va xavfsizlik bo‘ycha birinchi o‘rinbosari, senator Yevgeniy Serebrennikovning fikricha, Moskvadagi Xovan qabristonida yuz bergan ommaviy mushtlashuvlar kabi noxush holatlarning oldini olish uchun viza tartibini kiritish kerak. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. 

"Migratsiya qonunchiligini tozalash va qat'iylashtirish vaqti keldi. Biz u yoki bu qonunlarni qabul qilganimizda, odatda demokratik davlatlar tajribasiga tayanamiz, biroq ba'zi hollarda bu noto‘g‘ridir. Davlat xavfsizligi barchasidan muhim", deb aytdi senator.

Senatorning aytishicha, oldini oluvchi choralardan biri MDHning bir qator davlatlari, jumladan Tojikiston va O‘zbekiston bilan viza tartibini kiritish bo‘ladi. Senatorning fikricha, aynan bu davlatlardan ko‘pincha Rossiyaga ko‘plab noqonuniy muhojirlar keladilar.

Senatorning fikricha, Moskva dafn qilish biznesida ham tartib o‘rnatish kerak. Uning fikricha, bu soha juda ham korrupsiyalashgan hisoblanadi. "Oxirgi vaqtlarda bu sohada tartib o‘rnatish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilindi. Biroq, ko‘rinishcha, yetarlicha emas", deb ta'kidlab o‘tdi Serebrennikov.

14 mayda Xovan qabristonida 200 ga yaqin odam ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Mushtlashuvda bir tomonda armatura, bita, belkurak bilan qurollangan markaziy osiyoliklar, bir tomonda o‘qotar qurollar bilan qurollangan kavkazliklar turib mushtlashdi. Mushtlashuv oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 26 kishi jarohat oldi. Qotillik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, 90 ga yaqin odam hibsga olindi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, mushtlashuv qabristonda xizmat ko‘rsatish sohasini talashish sababli yuz bergan. RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lumotiga ko‘ra, qabristonda xizmat ko‘rsatishdan daromad olishga intilib, qabriston hududini egallamoqchi bo‘lgan dog‘istonlik va chechen millatiga mansub kimsalar u yerda dafn bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatib yurgan tojik va o‘zbeklarga hujum qilgan. Biroq voqeaning boshqa taxminlari ham mavjud.

Top