«Mersedes» kompaniyasiga «havo sharfli» mashinalarini sotish taqiqlandi
Germaniya federal sudi Mercedes-Benz kompaniyasiga, nemis bozorida sotilayotgan o‘z avtomobillarida bo‘yin sohasini issiq havo bilan o‘rab olish imkonini beruvchi "Airscarf" («havo sharfi») tizimini qo‘llashni taqiqladi, deb xabar qilmoqda Reuters agentligi.
Airscarf’li mashinalarni sotishni taqiqlashni so‘rab, 1996 yilda ushbu tizimga patent olgan Lyudvig Shattsinger murojaat qilgan. Aytish joiz, ushbu mahkama jarayoni Mercedes-Benz va Shattsinger o‘rtasidagi ilk tortishuv emas: Airscarf sudlarning quyi instansiyalarida ikki marotaba mag‘lubiyatga uchragan.
Sud qaroriga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchisi tizimlarni nafaqat mashinaga o‘rnatish, balki sotilmagan yoki mijozlarga yetkazilmagan mashinalardagi tizimlarni ishdan chiqarishi kerak. Shu bilan birga, «Mersedes» o‘z reklama roliklarida Airscarf’ni ko‘rsatishga haqi yo‘q. Biroq xaridorlar ixtiyoriga o‘tgan kabrioletlarga bu qaror ta'sir etmaydi.
Bundan tashqari, Mercedes-Benz patent sohibiga uning ruxsatisiz Airscarf’dan foydalangani uchun ko‘rilgan zararni qoplashi lozim. Uning hajmi, ushbu tizimga ega mashinalar savdosi soniga ko‘ra aniqlanadi.
Ammo Autocar’ning yozishicha, 2016 yil 25 dekabridan so‘ng, Mercedes-Benz kompaniyasi Airscarf tizimidan foydalana oladi. Shu kuni Shattsingerga tegishli patent muddati poyoniga yetadi.
Aytish joizki, Airscarf tizimi Mercedes-Benz’ning tomi ochiladigan ko‘plab modellarida mavjud.