Jahon | 14:47 / 16.05.2016
4071
2 daqiqa o‘qiladi

Hongkong konferensiyasi arafasida ko‘chalarga yotqizilgan chorqirra toshlar yelimlab chiqildi

Hongkong shahrining markaziy qismidagi piyodalar yo‘laklariga yotqizilgan chorqirrali toshlarning oraliqlari yelimlab chiqildi. Chjan Detszyan rahbarligidagi Xitoy delegatsiyasining shaharga tashrifi munosabati bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida amalga oshirilgan, deb xabar qilmoqda AFP agentligi. 

Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi (parlament)ning raisi Detszyanning orolga safari mobaynida norozilik namoyishi o‘tkazuvchilar, delegatsiya a'zolari va politsiyachilarga chorqirra toshlarni ko‘chirib uloqtirishlari ehtimoli shunday choralarni ko‘rishga sabab bo‘lgan. Chjan 18 may kuni Hongkongda bo‘lib o‘tadigan iqtisodiy konferensiyada ma'ruza qilishi kutilmoqda. 

Ta'kidlanishicha, Hongkongdagi uchrashuv arafasida boshqa xavfsizlik choralari ham ko‘rilmoqda. Xususan, markaziy ko‘chalarda suv to‘ldirilgan plastik to‘siqlar, temir zanjirlar o‘rnatilmoqda. Hongkong hukumati esa, chorqirra toshlarning yelimlanishini, ularning "ko‘chirib olinishiga qarshi" chora deb baholadi. 

Aytish joizki, Chjan so‘nggi 4 yil mobaynida Syangan (Hongkong) oroliga tashrif buyurayotgan eng oliy darajali Xitoy davlat mulozimi hisoblanadi. U konferensiyadagi ma'ruzasidan tashqari, mahalliy demokratik kuchlar namoyondalari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi. AFP nashrining qayd etishicha, Xitoy rahbariyati shaharning hozirgi rahbari Lyan Chjeninni yangi muddatga rahbarlikka ilgari surishni rejalashtirmoqda. Uning vakolati 2017 yil martida poyoniga yetadi. 

2014 yili Hongkongda bo‘lib o‘tgan tinch namoyishlar demokratik islohotlarga asos bo‘lmagani bois, norozilik namoyishlari yana o‘tkazila boshlandi. Shu yilning fevral oyidagi namoyishlar, Xitoydan muxtoriyatni saqlab qolish uchun keskinroq ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligini namoyish etgan edi. O‘shanda, namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashuvda chorqirra toshlardan foydalangandi.