Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Orolbo‘yida baliqchilikni rivojlantirish maqsadida 3ta yirik ko‘l birlashtiriladi
Qoraqalpog‘iston respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi «Jaltirbas», «Sudoche» va «Ribache» ko‘llari nazorati tuman hokimiyati qoshida barpo etiladigan «Mo‘ynoq akva sanoat» davlat unitar korxonasiga topshirildi. Uning nizom jamg‘armasi 200 mln so‘m etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2016 yil 6 maydagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq (pdf), «Jaltirbas» (17280 ga), «Sudoche» (19000 ga) va «Ribache» (3000 ga) tabiiy suv havzalari doimiy foydalanish uchun yangi tashkil etilgan korxona ixtiyoriga berilgan.
«Mo‘ynoq akva sanoat» davlat unitar korxonasi zimmasiga:
- baliq chavoqlarini yetishtirish bo‘yicha baliq pitomniklari va inkubatsiya sexlari barpo etish;
- baliqlarni qafasda yetishtirish texnologiyalarini joriy etish;
- havaskor hamda sport baliqchiligi va baliqchilik sayohatini rivojlantirish vazifalari yuklatiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilga borib, «Mo‘ynoq akva sanoat» DUK yiliga 3500 tonna baliq yetishtiradi. 2016 yilda bu raqam 450 tonnani tashkil etishi ko‘zda tutilgan.
Baliqlar uchun yuqori darajadagi oqsilli ozuqalarni ishlab chiqarish uchun «Mo‘ynoq akva sanoat»ga 100 ga hajmdagi ekin maydoni ajratiladi.
2017-2018 yillarda korxona bazasida yiliga 375 tonna miqdorida qayta ishlangan baliq va yarim fabrikantlar ishlab chiqarish quvvatiga ega sex barpo etish belgilangan. Korxonada, shuningdek, 300 tonna sig‘imga ega muzlatkichli saqlash kameralari ham bunyod etiladi.
Yil oxiriga qadar 2017-2020 yillarda Mo‘ynoq tumanida ekoturizm sohasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishi lozim. Unda havaskorlik va sport maqsadida baliq ovlashni rivojlantirish, shuningdek, «Jaltirbas», «Sudoche» va «Ribache» suv havzalari hududida turizmni rivojlantirish uchun qirg‘oqbo‘yicha infratuzilmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Qarorda qayd etilishicha, ko‘rsatib o‘tilgan choralar yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholini yuqori sifatli baliq mahsulotlari bilan ta'minlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston vazirlar kengashi, O‘zbekiston tabiatni asrash davlat qo‘mitasi va «Ipoteka bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining qo‘shma tashabbusi bilan yangi korxonaga asos solingan.