Povetkin va Uaylder o‘rtasidagi boks jangi boshqa sanaga ko‘chirildi
Rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin va WBC bo‘yicha jahon chempioni, amerikalik Deontey Uaylder o‘rtasidagi jang boshqa sanaga ko‘chirildi. Bu haqda sportchining manfaatlarini bildiruvchi "Mir boksa" kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy tvitterda ma'lum qildi.
Avvalroq rossiyalik bokschining Uaylder bilan jangi oldidan olingan doping namunasida taqiqlangan meldoniy moddasi 70 nanogramm (0,07 mikrogramm) miqdorda borligi aniqlangandi. Keyinroq ESPN bundan avval Povetkinning 7, 8 va 11 apreldagi namunalari taqiqlangan modda borligiga qoniqarsiz natija bergani, qoniqarli natija bergan namuna esa 27 aprelda topshirilganini ma'lum qilgandi. "Povetkin - Uaylder jangi ko‘chirildi. Bo‘ladi, biroq boshqa sanada", deb yozdi Ryabinskiy.
"Biz ertaga "Renessans Monarx" mehmonxonasida soat 12 da matbuot-anjumanda barcha jurnalistlarni kutib qolamiz va u yerda meldoniy va barchasi haqida ma'lumot beramiz", deb qo‘shimcha qildi Ryabinskiy.
Ryabinskiy TASS axborot agentligiga bergan intervyusida Povetkin chetlatilmasligi va uning amerikalik bokschi bilan jangi noma'lum sanaga ko‘chirilganini ma'lum qilgandi.
Ryabinskiy, shuningdek, Povetkin jamoasi uning doping namunasida meldoniy aniqlangani holati bo‘yicha taftish o‘tkazishini ma'lum qildi.
Jang uchun chiptani qaytarmoqchi bo‘lgan tomoshabinlarga pullari qaytariladi.
Jang 21 mayda Moskvadagi "Megasport" arenasida bo‘lishi kerak edi. Ryabinskiyning aytishicha, endi boks kechasining bosh jangi 90,71 kg gacha vazn toifasida WBA bo‘yicha jahon chempioni, rossiyalik Denis Lebedev va IBF bo‘yicha jahon chempioni, argentinalik Viktor Emilio Ramires o‘rtasidagi jang bo‘ladi.