Janubiy Koreya va Indoneziya o‘rtasida qariyb 7 mlrd dollarlik hamkorlik shartnomalari imzolandi
Turli sohalarda hamkorlik qilish va mavjudlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar to‘plami, Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe va uning indoneziyalik hamkasbi Joko Vidodoning Seulda bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida imzolangan.
Janubiy Koreya va Indoneziya hukumatlari ikki tomonlama hamkorlikka oid 6,7 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan kelishuvlarni imzoladi, deb xabar qilmoqda Koreya Republikasi prezidenti qarorgohi Chxonvade ("moviy uy") matbuot xizmati.
Xususan, Indoneziya hududida elektrostansiya barpo etishga 4 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Yana 2,1 milliard dollar Jakarta temir yo‘l transport tizimini qurishga sarf etiladi. Bundan tashqari, tomonlar Indoneziyaning Palembang shahridan Bali oroliga o‘tkaziluvchi 600 mln dollarlik gaz quvuri loyihasida hamkorlik qiladi.
Janubiy Koreya va Indoneziya rahbariyati, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash choralari va janubiy koreys kompaniyalarining Indoneziya bozoriga kirib kelishiga qulay sharoitlar yaratish borasida kelishuvga erishgan. Bundan tashqari, baliqchilik sohasi, metan konlarini aniqlash, erkin savdo hududlarini rivojlantirish va energetika sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha memorandumlar imzolangan.