Yaponiya bosh vaziri "katta yettilik" sammitida ofshor masalasini ko‘tarmoqchi
Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe "yettilik"ning navbatdagi sammitida, anjuman ishtirokchilari e'tiborini "Panama hujjatlari" mojarosi sabab, ofshorlar masalasi va soliq to‘lashdan bo‘yintovlash muammosiga qaratish niyatida. U Parlament yuqori palatasi byudjyet komissiyasi yig‘ilishida shunday bayonot bergan.
"Soliq to‘lamaslik - bu soliq to‘lovchilar ishonchini yo‘qotadigan jiddiy masala, -degan bosh vazir. - "Yettilik" raisi sifatida, xalqaro mexanizmlar vositasida soliq to‘lamaslikka qarshi tizimni tashkil etish bo‘yicha munozaralarni o‘tkazishni rejalashtirganman".
Uning qayd etishicha, hozirdayoq, ofshorlardagi hisob raqamlariga oid axborot almashinuvi borasida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgan.
Yaponiyaning Kiodo agentligi, "yettilik" davlatlari sammit doirasida korrupsiya va soliq to‘lamaslikka qarshi kurash choralari bo‘yicha maxsus reja qabul qilishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi.
Ma'lumki, "Panama hujjatlari"da ko‘plab kompaniyalar qatori yapon biznesi namoyondalari ham mavjud. Xususan Marubeni savdo kompaniyasi va Mitshubishi Corporation hamda Softbank mobil aloqa operatori bor.
NHK telekanali esa, bu borada 230 nafar yapon fuqarosi va 20ta kompaniya haqida so‘z yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, Vashingtonda joylashgan jurnalistik tekshiruvlar xalqaro konsorsiumi (ICIJ) 2016 yil 3 aprelida 11,5 mln sahifalik hujjatlarni e'lon qilgan, unda jahonning ayrim mamlakatlari amaldagi va sobiq davlat rahbarlari, siyosatchilar, madaniyat va sport namoyondalariga tegishli ofshor ma'lumotlari qayd etilgan edi.
"Panama hujjatlari" deb nomlangan mazkur sahifalar Panamaning Mossack Fonseca yuridik firmasiga tegishli axborotlar to‘plamidan iborat bo‘lgan. Ayni firma, ofshor mamlakatlarida ro‘yxatdan o‘tishda amaliy yordam berish bilan shug‘ullangan. Aytish joizki, hujjatlar to‘plami to‘liq oshkor etilgani yo‘q.