Peruda yuz bergan 2ta avtohalokat oqibatida 27 kishi hayotdan ko‘z yumdi
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Lotin Amerikasining Peru davlatida sodir bo‘lgan yo‘l harakati hodisalarida 27 kishi halok bo‘lib, 40ga yaqin inson turli darajada tan jarohati olgan, deb xabar qilmoqda mamlakatning Republica gazetasi.
Unda yozilishicha, mamlakat poytaxti Lima shahridan shimolda avtomobilning ikki avtobus bilan to‘qnashuvi oqibatida 11 kishi hayotdan ko‘z yumgan, avtobuslardan biri yo‘l chetida joylashgan restoranga borib urilgan. 30ga yaqin inson shifoxonaga yotqizilgan.
Politsiyaning ma'lum qilishicha, YTHga avtomobil haydovchisining tezlikni cheklash belgisiga rioya etmagani sabab bo‘lgan. U voqea joyidan yashirinishga uringan, ammo halokat guvohlari tomonidan ushlangani aytilmoqda.
Peruning shimoliy qismidagi Kaxamarka mintaqasida yuz bergan yana bir dahshatli avtohalokat qurbonlari soni 16 kishini tashkil etgan, deb xabar qilmoqda OAV.
"Republika"ning xabariga ko‘ra, odamlarni tashiyotgan yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida transport vositasi yo‘l chetidagi chuqurlikka ag‘anab ketgan.
Aytish joizki, Peru yo‘llarining talabga javob bermasligi va YHQga rioya etmaslik ushbu mamlakatdagi ko‘plab baxtsiz hodisalarga sabab bo‘ladi. So‘nggi ma'lumotlarga binoan, 2014 yilda respublika yo‘llaridagi halokatlar oqibatida 2 798 kishining yostig‘i qurigan.