Jamiyat | 16:30 / 17.05.2016
9907
2 daqiqa o‘qiladi

“Sog‘lom avlod uchun” fondi hamkorligida tibbiy-ijtimoiy muassasalarga muruvvat yordamlari topshirildi

O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash, xalqqa sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham munosib hissa qo‘shmoqda.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida fond tomonidan O‘zbekistondagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylari, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida dori-darmonlar, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari, sport inventarlaridan iborat muruvvat yordamlari topshirib kelinmoqda.

Navbatdagi xayriya tadbirida “Recource and Policy Exchange” xalqaro tashkilotining (AQSh) vitaminlar bilan boyitilgan mahsulotlari tibbiy-ijtimoiy muassasalarga topshirildi.

Tadbirda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, sohada jahon tibbiyotining ilg‘or usullarini joriy etishga qaratilayotgan doimiy e'tibor sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, millat genofondini mustahkamlashda yuksak samaralarini berayotganini ta'kidladi.

Davlat rahbarining 2014 yilning 1 avgustidagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tibbiy-ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan loyihalar natijalari xususida ma'lumot berildi.