Jahon | 15:10 / 17.05.2016
4699
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV YeIning vizalar bekor qilinishi uchun qo‘ygan shartlarini terrorizmni qo‘llab-quvvatlashga tenglashtirdi

Rasmiy Anqara tomonidan Yevropa Ittifoqining Turkiyaga nisbatan vizasiz rejim joriy etilishi uchun qo‘yiladigan talab sifatida Turkiyaning aksilterror qonuni o‘zgartirilishini so‘rashi - terrorizmni qo‘llab-quvvatlash sifatida baholanadi. Bu haqda Turkiya TIV rahbari Mavlyut Chovusho‘g‘liga asoslanib, Anadolu agentligi xabar tarqatgan.

Vazirning aytishicha, Turkiya bu talabni qabul qilmaydi va hech qanday yon berishlarga bormaydi.

"Viza rejimi osonlashtirish - Turkiya fuqarolarining tabiiy huquqi hisoblanadi. Bu marhamat ko‘rsatish emas. Bir qancha mamlakatlarning fuqarolari ham mamlakati YeIga a'zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishidan avval hududda vizasiz harakatlanish huquqiga ega edi", deydi vazir.

U Yevropa Ittifoqi vakilining "Anqara tomonidan tashkilotga solinayotgan xavf" to‘g‘risidagi fikriga munosabat bildirgan.

"Yo‘q. Biz tahdid qilmadik. Shunchaki haqiqatni gapirdik. Pashshadan fil yasamang. Siz hozir nari borsa viza tizimini osonlashtirish jihatlarini muhokama etmoqdasiz, Turkiyani YeI a'zoligiga qabul qilishni emas. Bunda har kim o‘z va'dasida turmog‘i kerak", degan u.

Chovusho‘g‘lining qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi iqtisodiy va boshqa global muammolarni Turkiya ishtirokisiz hal qilmasligi kerak.

Bundan oldinroq, Yevrokomissiya Yevroparlamentga va Yevropa Kengashiga agar Anqara iyun oyi oxirigacha vizasiz rejim o‘rnatilishi uchun 5ta shartni bajarishga ulgurmasa, turkiyaliklarning Yevropa hududida harakatlanishi bo‘yicha cheklov o‘rnatishni taklif qilgandi.

May oyi boshida keltirilgan 5ta shartga ko‘ra, gap korrupsiya oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish, Yevropol bilan bitim haqida muzokaralar o‘tkazish, Yevroittifoqqa a'zo mamlakatlarning barchasi bilan sud hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ma'lumotlarning Yevroittifoq standartlariga muvofiq himoyalanishi bo‘yicha milliy qoidalarni bajarish va terrorizm bo‘yicha qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish haqida boradi.

Turkiyaga vizasiz maqomni taqdim etish haqidagi qarorni Yevroittifoqqa a'zo mamlakatlarning ko‘pchiligi, shuningdek, Yevroparlament ham ma'qullashi kerak.

Yevrokomissiyaning pozitsiyasini Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham tanqid qilgan. Uning aytishicha, Anqara o‘z aksilterror qonunchiligini bekor qilmaydi. Turkiya rahbari mamlakat "o‘z yo‘lidan ketishi" haqida ta'kidlagan.