Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston FVV qoshida radiatsion xavfsizlik markazi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 11 may kungi O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaroriga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida Radiatsion xavfsizlik markazi (RXM) tashkil qilinadi.
Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilangan:
- MAGATE hamda vakolatli organlar bilan hamkorlikda xavfsizlikni ta'minlash va yadro texnologiyalarini tarqatmaslikka oid xalqaro standartlarga qat'iy muvofiq ravishda Yadro fizikasi institutining yadro reaktorini ekspluatatsiyadani chiqarish borasidagi ishlarni tashkil etish;
- respublika hududidagi radioaktiv materiallar omborxonalarining lozim darajada saqlanishi, utilizatsiya qilinishi va tugatilishini ta'minlash, shuningdek, tegishli tozalash xizmatlarini tashkil etish;
- Respublikaning yadroviy va radiatsion xavfsizligini ta'minlash bilan bog‘liq amaliy ishlarni bajarish, shuningdek bojxona postlarida va respublika hududida o‘rnatilgan dozimetriya nazorati tizimlari hamda boshqa nazorat uskunalarini nazoratdan o‘tkazish;
- Respublika hududida foydalanilayotgan ion nurlanish manbalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek ion nurlanish texnikasi manbalariga professional xizmat ko‘rsatish va utilizatsiya qilish.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 1996 yil 4 martdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar Vazirligi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur farmon bo‘yicha vazirlikning vazifalari quyidagicha belgilangan:
- Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayoti va salomatligini, moddiy va ma'naviy qadriyatlarini muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarini boshqarishning davlat tizimini (FVDT) tashkil etish va uning faoliyatini ta'minlash;
- O‘zbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish;
- Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kenashi, hokimliklarning aholini va milliy boyliklarini muhofaza qilish, avariyalar, halokatlar va tabiiy ofatlar tufayli vujudga kelgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
- Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga, qholini, mamlakat hududini muhofaza qilishga hamda ular vujudga kelgan taqdirda xalq xo‘jaligi obektlari faoliyatining barqarorligini oshirishga, shuningdek aholini, mansabdor shaxslarni hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday hollardagi harakatlarni boshqarishning davlat tizimi tuzilmalarini tayyorlashga qaratilgan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqishni tashkil etish va amalga oshirish;
- Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun moliya, oziq-ovqat, tibbiyot va moddiy-texnika resurslarining davlat favqulodda zaxira fondlarini tashkil etishga doir ishlarni muvofiqlashtirib borish va hokazo.