Jahonning birinchi axborot agentligi asoschisining soati 3 mln dollardan ko‘proqqa sotildi
AFP agentligining o‘tmishdoshi, jahondagi ilk axborot agentligi Gavas asoschisi Sharl-Lui Gavasga tegishli cho‘ntak soati 16 may kuni Jyenevada bo‘lib o‘tgan kimoshdi savdosida 3,245 mln shveysariya franki (3,327 mln dollar)ga sotilgan, deb xabar qilmoqda Christie's kim oshdi savdo uyi.
Gap Breguet rusumli soatning 217 raqam bilan ishlab chiqarilgan mahsuloti haqida bormoqda.
"1817 yilda Sharl-Lui Gavas xarid qilgan ajoyib soat xususiy shveysar muzeyidan munosib joy egallaydigan bo‘ldi", - deyilgan "Kristis" xabarida. "Unda xususan, vaqtni to‘g‘rilash mexanizmi bo‘lib, u o‘rtacha mahalliy vaqt va haqiqiy quyosh vaqti o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsata oladi".
Frantsuz bankiri, tarjimon va jurnalist Sharl-Lui Gavas (1783-1858 yy.) 1832 yili "Gavas tarjimalar byurosi"ga asos solgan. U xorijiy matbuot sharhlarini tayyorlash bilan shug‘ullangan. 1835 yili u Gavas agentligiga aylantirilgan edi. Keyinroq Yevropa bo‘ylab muxbirlarining keng tarmog‘iga ega bo‘ldi. Shu sabab, 1854 yilgi Qrim urushi boshlanishi xaqida ilk xabarni bera oldi.
1944 yili uning negizida AFP (Frans press agentligi) tashkil etildi. Xabarlarga ko‘ra, Sharl-Lui Gavas "Breget" soatini 1817 yil 31 dekabrida o‘sha davr hisobi bo‘yicha yirik 4,8 ming frank evaziga xarid qiladi. Uning vafotidan so‘ng, merosxo‘rlari soatni britaniyalik olim va soatlar kolleksioneri Devid Salomonsga sotishgan.
1963 yilda mazkur soat ilk marta kimoshdi savdosiga qo‘yilgan va portugaliyalik kolleksioner tomonidan "astronomik mablag‘" evaziga xarid qilingan edi. So‘ngra u yana ikki marta qayta sotilgan. "Kristis" kimoshdi savdo uyi so‘nggi savdolar arafasida soatning narxini 600 mingdan - 1,2 mln frankkacha baholagandi.