Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Anons: Bugun Bazelda «Sevilya» va «Liverpul» o‘rtasida Yevropa Ligasi finali bo‘lib o‘tadi
Bugun Shveytsariyaning Bazel shahrida joylashgan «Sankt-Yakob Park» stadionida Yevropa Ligasining joriy mavsumdagi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Unda bosh sovrin uchun turnirning amaldagi g‘olibi - «Sevilya» (Ispaniya) va «Liverpul» (Angliya) jamoalari maydonga tushishadi.
Bo‘lajak final UYeFA kubogini ham hisobga olganda, turnirning 45-hal qiluvchi uchrashuvidir. Musobaqa Yevropa Ligasi nomini olganidan keyingi davr uchun esa, hisob bo‘yicha 7-finaldir.
«Sevilya» 2006, 2007, 2014 va 2015 yillarda bu turnir finalida g‘alaba qozongan.
«Liverpul» esa turnir UYeFA Kubogi deb atalgan vaqtlarda, 1973, 1976 va 2001 yillardagi finallar g‘olibi bo‘lgan.

Bugungi finalda g‘olib chiqqan jamoa 15 kilogrammli kubok bilan birga keyingi mavsumda YeChLning guruh bahslarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Qayd etish kerakki, ikki jamoa ham ichki chempionatlar yakuniga ko‘ra, YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘la olmadi, «Liverpul» APL yakunlariga ko‘ra, sakkizinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, «Sevilya» La Ligada yettinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Unay Emeri jamoasi oxirgi 9ta turdan faqat bittasida, «Betis»ga qarshi derbida g‘alaba qozona oldi.
«Liverpul» Yevropa Ligasida «Rubin», «Son» va «Bordo» jamoalariga qarshi bahslar o‘tkazdi. Guruh bosqichida birinchi o‘rinni egallagan jamoa keyingi bosqichlarda «Augsburg» (0:0, 1:0), «MYu» (2:0, 1:1), «Borussiya D» (1:1, 4:3) hamda «Vilyarreal» (0:1, 3:0) jamoalarini ortda qoldirdi.

«Sevilya» esa mavsumni YeChLda boshladi. «Yuventus», «Manchester Siti» va «Borussiya M» bilan guruhda uchinchi o‘rinni egallagan jamoa YeLning pley-off uchrashuvlarida «Malmyo» (3:0, 0:1), «Bazel» (0:0, 3:0), «Atletik» (2:1, 1:2, penaltilar bo‘yicha 5:4) va «Shaxtyor» (2:2, 3:1) jamoalari to‘sig‘idan o‘tdi.
Final Toshkent vaqti bilan soat - 21:45da boshlanadi. O‘yinga shvetsiyalik Yunas Eriksson hakamlik qiladi.
UYeFA kubogiga 1971 yili asos solingan. Unga qadar ham ayni shu tartibda o‘tkaziladigan musobaqa bo‘lgandi. Faqat, uni Yarmarkalar kubogi, deb atashgan. 2008-2009 yillar mavsumidan boshlab, musobaqa formati o‘zgartirildi va turnirga Yevropa Ligasi nomi berildi. 1998 yilga qadar mazkur turnirda o‘z mamlakati kubogini qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etmasdi. O‘sha mavsumdan boshlab Kubok egalari kubogi turniri UYeFA kubogi bilan birlashtirildi. Shuningdek, o‘yinlar format bo‘yicha xuddi YeChL singari o‘tkazila boshlandi.
Shu o‘rinda aytish joiz, UYeFA Yarmarkalar kubogini rasman tan olmagan. Shu bois ham, o‘sha musobaqada 2 marta zafar quchgan «Lids Yunayted» UYeFAning yevrokuboklarda g‘olib chiqqan jamoalar ro‘yxatida yo‘q.
UYeFA kubogining ilk sohibi Londonning «Tottenhem Hotspur» klubidir. «Shporlar» 2ta o‘yin natijasiga ko‘ra, «Vulverhempton Uonderers»ni 3:2 hisobida mag‘lub etishgan. Umuman olganda, turnirda turli yillarda 26ta klub zafar quchgan. Shundan 11tasi kubokni ikki marta yoki ko‘proq qo‘lga kiritgan. G‘oliblik shohsupasiga 4 marta ko‘tarilgan «Sevilya» bu borada rekordchi hisoblanadi. Mamlakatlar miqyosida Italiya va Ispaniya vakillari eng yaxshi natijaga ega - 9 martadan g‘oliblik.
Yevropa Ligasi guruh bosqichida ishtirok etgan har bir klub 640 ming yevrodan oladi. Shuningdek, har bir o‘yin uchun 60 mingdan beriladi. Guruh bosqichidagi g‘alabaning bahosi - 140 ming, durangniki - 70 ming yevro. «Pley-off» bosqichiga yo‘l olgan jamoa qo‘shimcha 200 ming oladi. Shu tariqa, mukofot puli miqdori oshib boraveradi: nimchorak final uchun - 300 ming, chorak final uchun - 400 ming, yarim final uchun - 700 ming yevro. Finalchiga 2 million yevro berilsa, g‘olib jamoa o‘z g‘aznasini yana 3 million yevroga boyitadi. Taqqoslash uchun, Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqqan klub 3,9 million yevro oladi.