Sport | 11:19 / 18.05.2016
4249
2 daqiqa o‘qiladi

Dunga Neymardan Braziliya terma jamoasi sardorligi bog‘ichini olib qo‘ymoqchi

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Dunganing aytishicha, terma jamoa sardorligi Neymardan olinib, boshqa futbolchiga berilishi mumkin.

«Men nimanidir o‘zgartirmoqchiman. Buning uchun Neymar bilan gaplashib olishim kerak. Uning muxlislarga yoqadigan o‘ynash uslubi, driblinglari boshqa tomondan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu muammo «Barselona»dagi faoliyatida ham kuzatiladi. Ish sardorlik bog‘ichida emas.

Avvaliga men uni sardor sifatida qoldirib, uni yanada mas'uliyatliroq bo‘lishga undashga qaror qilgandim. Lekin hali undan sardorlikni olish haqida qaror qilmadim. U bilan gaplashib ko‘ramiz.

U «Barselona»da sardor emas, lekin muhim futbolchi bo‘lib qolaveradi. Futbolchining muhimligi unga berilgan sardorlik bog‘ichi bilan o‘lchanmaydi.

Biz u bilan unga, terma jamoaga va «Barselona»ga yaxshi variant bo‘yicha gaplashamiz», – deya Dunganing so‘zlarini keltiradi ESPN.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilgi JChdan keyin Dunga «PSJ» sardori Tiago Silvadan sardorlik bog‘ichini olib qo‘ygandi, keyinroq bu futbolchi terma jamoa tarkibidan tushib qoldi.

Neymar 2016 yilgi Amerika kubogini o‘tkazib yuboradi, lekin u avgust oyida o‘tkaziladigan Rio-de-Janeyro olimpiadasida ishtirok etadi.