Jahon | 19:19 / 18.05.2016
8001
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyalik nafaqaxo‘r uchinchi Reyx davriga oid atom bombasini topganini da'vo qilmoqda

Muhandis Peter Lor, ikkinchi jahon urushi davrida nemis askarlari tomonidan yashirilgan atom bombalarini topganini ta'kidlamoqda. Yadro quroli, Tyuringiyadagi Yonas tog‘li vohasida aniqlangan, deb yozmoqda Britaniyaning Daily Mail gazetasi.

Umuman Lor qidirish ishlari vaqtida beshta metall predmetga duch kelgan. Uning ishonch bilan ta'kidlashicha, topilgan narsalarning ikkitasi ommaviy qirg‘in quroli hisoblanadi. Ular ikkinchi jahon urushi davri oxirlarida ataylab yashirib qo‘yilgan.

Pensioner topilmalarni 3D-radar vositasida qayta o‘rgangach, shunday to‘xtamga kelgan. Lorning ogoh etishicha, mazkur qurollar xavfli bo‘lib, yadro fojiasini keltirib chiqarishi mumkin. 
«Agar yadro zarralari tarqalishiga yo‘l qo‘yilsa, Yevropada ikkinchi Chernobil yuz beradi», — deb xavotir bildirgan Peter Lor. 

Aytish joizki, ushbu xabar Uchinchi reyx askarlari ega bo‘lgan atom quroli xaqidagi birinchi axborot emas. Yonas vodiysida g‘orlar, bunkerlar va omborxonalar tizimi yashirilgan bo‘lib, u minglab asirlar mehnati evaziga barpo etilgan. 
U yerda ishlagan barcha mahbuslarni amerikaliklar 1945 yil aprelida ozod etgan edi. Shundan so‘ng, Yonas yaqinidagi Ordruf shahrida qo‘lga kiritilgan ma'lumotlar 100 yilga maxfiylashtirilgan. 
O‘tgan yili, "Adolf Gitlerning atom bombasi" nomli hujjatli film ijodkorlari turli guvohlarning so‘zlariga tayangan holda, Uchinchi reyx atom bombasi yaratishga juda yaqin qolganini ko‘rsatmoqchi bo‘lishgandi.