Norvegiya elektrokarlar soni bo‘yicha yirik davlatlar ro‘yxatiga kirdi
GM-Volt saytining xabar qilishicha, Norvegiya ushbu mamlakatda ro‘yxatga olingan elektrokarlar soni bo‘yicha dunyoning to‘rtinchi yirik davlatiga aylandi. Bu yerda yuz mingdan ortiq elektr yoki elektr tarmog‘iga ulanuvchi gibrid mashinalar mavjud.
Aprel oyidagi statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 5,06 million norvegiyalik hissasiga 100 ming 600 dona to‘liq elektr yoki gibridli avtomobil to‘g‘ri keladi. Aytish joizki, elektromobillarning birinchi partiyasi mamlakatga 90-yillarda kirib kelgan, biroq 2010 yilda ham Norvegiyada atigi 3366 ta shunday mashina bor edi.
Elektrokarlar mamlakatga Nissan Leaf va Mitsubishi i-MiEV kabi mashinalar yetkazib berila boshlangan 2011 yildan ommalashdi. Biroz keyinroq, Norvegiya Tesla Model S mashinasi rasman sotila boshlangan ilk Yevropa davlati bo‘ldi.
Bu vaqtga kelib, «yashil» avtomobillar egalari yoqilg‘i bilan yuruvchi mashinalar egalariga qaraganda qator imtiyozlarga ega bo‘ldi. Xususan, elektromobil xarid qilgan shaxs, savdo va ro‘yxatdan o‘tish soliqlaridan ozod etilgan edi. Bundan tashqari, u quvvatlantiruvchi stansiyalardan bepul foydalanishi, jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklardan yurishi va to‘xtash joyiga pul to‘lamaydi.
Germaniya hukumati ham, 2020 yilgacha elektromobillarga qiziqishni kuchaytirish maqsadida 1 mlrd yevro sarflashni rejalashtirayotgani xaqida ma'lum qilingan edi. Unga ko‘ra, elektrokarlar xaridorlari davlatning 4 ming yevrolik subsidiyasiga, gibridlarni sotib olgan haydovchilar esa 3 ming yevro miqdoridagi yordam puliga umid qilishlari mumkin. Bunday keskin choralar, hisob-kitoblarga ko‘ra, Germaniyada yiliga 400 minggacha elektrmashina sotilishini ta'minlaydi.
Bugungi kunda, AQSh elektromobillar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 450mingga yaqin elektrokar ro‘yxatdan o‘tgan. Xitoy 300 mingta elektromobil bilan ikkinchi o‘rinda. Yaponiya ko‘chalarida 150ming dona shunday mashinalarni ko‘rish mumkin.