Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Termiz shahrida “Tinchlik-osoyishtalik barcha yutuqlarimiz asosi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan 2016 yil 14 may kuni Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da “Tinchlik-osoyishtalik barcha yutuqlarimiz asosi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda viloyatdagi kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan 400 dan ziyod yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida yurtboshimizning xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bo‘lgan suhbati hamda xotira maydonida o‘tkazilgan marosim tavsilotlariga bag‘ishlangan maxsus reportaj namoyish etildi.
Ayniqsa, yurtboshimizning “Tarix – bu xotira degani, o‘tgan ajdodlarning shonli ishlari, qahramonliklarini eslash, o‘tmish voqealaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib yashash deganidir”, deya yoshlarimizga yurtimiz tarixi, boy ma'naviy meros qoldirgan ajdodlarimiz o‘tmishini o‘rganish bilan bog‘liq bergan nasihatlari ularning qalbidagi vatanparvarlik tuyg‘ularini yana bir bor mavjlantirib yubordi.
Ma'lumotlarga qaraganda insoniyat yaralgandan buyon o‘n to‘rt mingdan ziyod turli urushlar va janglarni boshidan kechirgan. Ko‘ringki, bor-yo‘g‘i 300 yilgina osoyishta kunlarda yashash baxtiga musharraf bo‘lgan. Endi ko‘zoldingizga o‘g‘lini, turmush o‘rtog‘ini, otasini, ukasini, umuman olganda yaqin kishisini yo‘qotgan insonnni keltirib ko‘ring. Axir, barcha mavjud odlardan ko‘ra a'lo, mukarram qilib yaratilgan inson bolasi baxtli hayot kechirish uchun dunyoga keladiku! Axir, biror bir ona farzandini dunyoga keltirgan vaqti uning qo‘nxo‘r bo‘lib o‘sishi yoki bema'ni janglarda halok bo‘lishini istamaydiku!
Farzandning yorug‘ dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan inson avvalo mitti yurak sohibining kamolga etishini, Vatani va xalqi uchun xizmat qilishini istaydi. Azaldan bolam, deb yashaydigan va uning baxtli hayot kechirishi uchun elib-yuguradigan xalqimiz uchun ham tinchlik oliy ne'mat. Ayniqsa, dunyo bir lahzada necha bora chayqalib, insoniyat boshiga terrorizm, ekstremizm hamda boshqa o‘nlab balo-qazolar yog‘ilib turgan bir vaqtda.
Yurtboshimiz dunyoda katta – katta notinchliklar sodir etilib turgan manashunday murakkab bir vaziyatda yoshlarning o‘z dunyoqarashi, nuqta'iy nazari va faol fuqarolik pozitsiyaga ega bo‘lishi lozimligi haqida alohida to‘xtalib o‘tganlar va xotira maydonidagi intervyusida ertangi kun egalariga katta ishonch bildirib qo‘yidagilarni ta'kidlab o‘tganlar:
“Men yosh avlodimizga, mening bolalarimga qarata bo‘sh kelmanglar, ertangi kun bizniki, marra bizniki, deb bejiz, asossiz aytmayman. Buning chuqur ma'no-mazmuni shundaki, vaqt, yillar o‘tishi bilan bizning safimizni kim to‘ldirmoqda? Avvalo, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega bo‘lgan, yangicha, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimizning ertangi kuni uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga, o‘zini namoyish etishga qodir bo‘lgan navqiron o‘g‘il-qizlarimiz. Ko‘zlari yonib turgan bunday yoshlarimizni yana qayerda – qaysi davlat, qaysi yurtda topish mumkin”
Shu kungi tadbirga taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar bo‘yicha Qo‘mita raisi Ortiqali Yusupov, Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy amaliy markazi rahbari Abduhalil Mavrulovlar yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik, osoyishtaligimizga shukrona aytib, mamlakatimizning yanada ravnaq topishida yoshlar hal qiluvchi kuch ekanligini e'tirof etishdi. Dunyo miqyosida globallik tus olayotgan odam savdosi, diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari haqida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, yurtboshimizning xotira maydonidagi chiqishlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bo‘lgan suhbat mazmun – mohiyati haqida yoshlar bilan suhbatlashishdi.
Ayniqsa, dorulomon kunlarimiz uchun jon fido qilgan ajdodlarimizning ko‘rsatgan qahramonliklari, ularning bizga qoldirgan boy ma'naviy meroslari, shuningdek, dunyo afgorammosini tashvishga solib kelayotgan muammolar haqida aytgan so‘zlarining bugungi globallashgan davrda qanchalar ahamiyatli ekanligi e'tirof etildi.

Shuningdek, yoshlarga kechagi kundan xulosa chiqarib, bugungi osoyishta va hur zamon uchun shukrona aytib, ertangi kuni uchun aniq rejalar tuzib yashash lozim ekanligi ta'kidlandi. Darhaqiqat, yurtboshimiz bayram munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlariga bergan intervyularida “Tarixini bilmagan odam-yo‘lidan adashadi”, degan purma'no, hikmatli so‘zlarni aytib o‘tgan edilar. Zotan, istiqloldan oldin bo‘sag‘asigacha paxta ekib, qiz uzatganida qizining sepiga birdona ko‘rpa qo‘sholmagan, tomining ustiga qadar paxta ekib, otasini so‘nggi manzilga kuzatar chog‘i kafanlik topolmagan xalqimiz erkning, ozodlikning qadrini yaxshi biladi. Bukunlar qora bo‘lsada tarix. Mana shu tarixni ham unutmaydi va kelajak avlodning baxtiyor turmush kechirishi, tenglar ichra teng bo‘lib yurishi uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etadi. Tadbirda shu mavzuda ham so‘z bordi va fikr-mulohazalar bildirildi.
Berilgan ma'limotlarga qaraganda bunday targ‘ibot tadbirlari viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilmoqda.
Sherzod Sattorov.