Jahon | 18:49 / 18.05.2016
6419
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning rafiqasi: Erim Gitler emas, u Amerikaga yordam bermoqchi

AQSh prezidentligi uchun saylovda respublikachilar partiyasidan yagona nomzod bo‘lgan milliarder Donald Trampning rafiqasi, sobiq model Melaniya Trampning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i amerikaliklarni birlashtirmoqchi va fuqarolarni diniy e'tiqodi uchun ta'qib qilish niyatida emas.

"U Gitler emas. U Amerikaga yordam berishni istaydi. U kishilarni birlashtirmoqchi", deya Melaniya Trampning so‘zlaridan iqtibos keltiradi DuJour nashri.

U vaziyatni yumshatuvchi so‘zlar aytilishi kerakligini ta'kidlagan.

"U dinga hujum qilmadi. U bu mamlakatlarga kirish tartiblarini bilishimiz kerakligi haqida aytdi. Agar bunday qilinmasa, mamlakat ham bo‘lmaydi. U shunday deb hisoblaydi. Biz uning qandayligini va qanday qilib insonlarni birlashtirishni, mamlakatni birlashtirishni hamda odamlarga ish topib berishni istayotganini ko‘rib turibmiz", degan Trampning rafiqasi.

Bundan oldinroq, AQShdagi bir qator liberal nashrlar Trampni uning Parij, Kaliforniya va Bryusseldagi teraktlardan keyin musulmonlarni AQShga kiritishga qarshiligini ifodalovchi fikrlari tufayli Gitlerga qiyoslashgandi.