09:56 / 18.05.2016
9557

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Sh. Matiyev rahbarligidagi Bosh prokuratura delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tajriba almashish doirasida tashrifi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

XXR Oliy xalq prokuraturasida Bosh prokuror Tsao Tszyanmin janoblari bilan bo‘lgan uchrashuvda ikki mamlakat prokuratura organlarining faoliyatiga doir dolzarb masalalar, shuningdek, idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy sud-huquq tizimini isloh qilish, shu jumladan, prokuratura faoliyatini takomillashtirish, prokurorlar mustaqilligining kafolatlarini oshirish va ularni ixtisoslashtirish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

XXR Bosh prokurori axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalasiga alohida to‘xtalib, Xitoy prokuratura organlarida so‘nggi yillarda AKTning faol rivojlanishi faoliyat ochiqligini ta'minlash, tahlil samaradorligini oshirish, jinoyat ishlari bo‘yicha tergov va ayblov salohiyatini yaxshilashga yordam berib, har bir prokurorning faoliyatini muhim ko‘rsatkichlar asosida to‘g‘ri baholashga imkon yaratganini ta'kidlab o‘tdi.

Delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida Pekin va Shandun provinsiyasi prokuraturalarida ham uchrashuvlar o‘tkazilib, operatsion (situatsion) markaz, Prokurorlar Davlat institutining Shandun filiali, shuningdek, Shandun provinsiyasi prokuraturasining Kriminalistik ekspertiza markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Top