Jamiyat | 09:13 / 18.05.2016
13119
2 daqiqa o‘qiladi

Jamala matbuot-anjumanda Sergey Lazarev qo‘shig‘i ostida paydo bo‘lgani sababi ma'lum qilindi

"Yevrovideniye-2016" g‘olibi, ukrainalik Jamala vakillari qo‘shiqchi nima uchun Kiyevdagi matbuot-anjumanda o‘z qo‘shig‘i emas, balki rossiyalik qo‘shiqchi Sergey Lazarev qo‘shig‘i sadolari ostida paydo bo‘lgani sababini ma'lum qilishdi.

Bu voqea 17 mayda sodir bo‘ldi. Jamala avval rossiyalik xonandaning qo‘shig‘i yangrayotganidan ajablandi, so‘ngra sir boy bermay, unga biroz raqsga tushgandek bo‘ldi.

Jamalaning "Yevrovideniye"dagi chiqishi grafikasiga javob bergan Front Pictures kompaniyasi rahbari Yuriy Kostenkoning tushuntirishicha, bu anglashilmovchilikka  Youtube videoportali ishlashining o‘ziga xosligi sabab bo‘lgan.

"Youtube’da qo‘shimcha ilovada yana bitta rolik aylanishni boshlagan. Videoportal buni avtomatik ravishda qiladi. Zalda Jamalaning qo‘shig‘i yangrab bo‘lgandan keyin boshqa ko‘shiq ketib qolgan, chunki tanlovdan olingan barcha lavhalar yonma-yon joylashgan", deb aytdi Kostenko.

Kostenko tanlovdagi barcha qo‘shiqlarni fon sifatida qabul qilishini va "bu holat salbiy qabul qilinishi hattoki fikriga kelmaganini ham" qo‘shimcha qildi.