Abdulaziz Komilov Yevrokomissiya vitse-prezidenti bilan munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildi
19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentga tashrif uyushtirgan YeI Komissiyasining energetik ittifoq bo‘yicha vitse-prezidenti Marosh Shevchovich bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bergan.
Uchrashuvda ta'kidlanganidek, Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan XX «O‘zbekiston neft va gazi» xalqaro konferensiyasida Yevropa Ittifoqining yuqori darajadagi delegatsiyasining ishtirok etishi O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligini tasdiqlaydi.
Muloqot davomida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi sherikchilik strategiyasi doirasidagi dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Uchrashuvda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterk ishtirok etdi.