16:20 / 19.05.2016
4364

Airbus O‘rta Yer dengizida halokatga uchragan A320 samolyoti xususiyatlarini ma'lum qildi

Airbus kompaniyasining feysbukdagi sahifasida Parijdan Qohiraga uchish vaqtida radarlarda yo‘qolgan EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli, MS 804 reysini amalga oshirgan A320 rusumli yo‘lovchi samolyotining xususiyatlari haqida ma'lumot berdi.

"Afsuski, bugun O‘rta Yer dengizi osmonida EgyptAir’ning A320 samolyoti yo‘qolib qoldi. Havo kemasi Parijdan Qohiraga uchayotgandi", deyilgan kompaniya xabarida.

Kompaniya ma'lumotiga ko‘ra, samolyot qurilishi bilanoq, 2003 yilning noyabrida Misrga, EgyptAir aviakompaniyasiga yetkazib berilgan. Layner shu vaqtgacha umumiy hajmda 48 ming soatlik parvozni amalga oshirgandi.

Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.

Misr fuqarolik aviatsiyasi vazirligi harbiylar mahalliy vaqt bilan 4:26 (Toshkent vaqti bilan 7:26) da EgyptAir kompaniyasining g‘oyib bo‘lgan A320 samolyotidan falokat signallarini olganini ma'lum qildi.

Top