Gretsiya hukumati O‘rta Yer dengizi aholisining osmonda "olovli shar" ko‘rgani haqidagi ma'lumotni tekshirmoqda
O‘rta Yer dengizi hududidaligida radarlardan yo‘qolib qolgan Misrning EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli Airbus A320 rusumli yo‘lovchi samolyotini qidirish ishlariga qo‘shilgan Gretsiya hukumati ayni vaqtda hududda joylashgan orollar aholisi samolyot bedarak yo‘qolishi bilan bir vaqtda osmonda "olovli shar" ko‘rishgani haqidagi xabarlarni tekshirmoqda. Bu haqda Airlive xabar tarqatgan.
Bundan oldingi xabarlarda Misr harbiylari mahalliy vaqt bilan soat 4:26da (Toshkent vaqti bilan soat 7:26) yo‘qolgan layner halokat signali yuborgani haqida ma'lum qilishgani aytilgandi.
Fransiya va Misr bu samolyotning qidirilishi bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishgan.
Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, MS804 reysi bortida 56 nafar yo‘lovchi (ulardan uch nafari bola) va o‘n nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan. Ular Misr, Fransiya, Buyuk Britaniya, Iroq va Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan. Ularning taqdiri hozircha noma'lum.
Havo kemasining g‘oyib bo‘lganligi haqida signal olinishi bilan EgyptAir vaziyatni kuzatib borish uchun favqulodda tezkor shtabni tashkil etdi. Uning tarkibiga barcha aviatsiya xizmatlarining vakillari kiritildi. Misr va Gretsiya harbiy uchuvchilari samolyotni qidirish bilan shug‘ullanmoqda.
Aviakompaniya Twitter’dagi sahifasida yo‘qolib qolgan A-320 2003 yilda ishlab chiqarilganligini ma'lum qildi. Uni tajribali ekipaj boshqarayotgan edi, ekipaj komandiri 6 275 soat, uning yordamchisi 2 766 soat parvozni amalga oshirgan.
Samolyot radarlardan yo‘qolishidan oldin 11 km balandlikda bo‘lgan.