Rossiya FXX direktori EgyptAir samolyoti terakt tufayli qulaganini tusmol qildi
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov Misrning EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli A320 samolyoti Parijdan Qohiraga parvozni amalga oshirish chog‘ida O‘rta Yer dengizi hududida halokatga uchrashi voqeasi terakt tufayli yuz berganini taxmin qildi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar tarqatgan.
«Afsuski Misr aviakompaniyasi bilan bog‘liq yana bir fojia ro‘y berdi. Ko‘rinishidan bu navbatdagi terakt. Uning natijasida 12 davlatga mansub bo‘lgan 66 kishi halok bo‘ldi», — deya Bortnikovning izohini keltiradi RIA Novosti.
Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Misr fuqarolik aviatsiyasi vazirligi harbiylar mahalliy vaqt bilan 4:26 (Toshkent vaqti bilan 7:26) da EgyptAir kompaniyasining g‘oyib bo‘lgan A320 samolyotidan falokat signallarini olganini ma'lum qildi.
Ko‘p o‘tmay Misr Fuqarolik aviatsiyasi EgyptAir samolyoti halokatga uchraganini tasdiqladi.
66 nafar yo‘lovchining 30 nafari Misr, shuningdek, 15 — Fransiya, 2 — Iroq, bir nafardan — Buyuk Britaniya, Belgiya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Sudan, Chad, Portugaliya, Jazoir va Kanada fuqarolari bo‘lgan.