19:40 / 19.05.2016
3507

Serbiya futbol ittifoqi Kosovo UYeFA a'zoligiga qabul qilingani tufayli CAS’ga apellyatsiya berdi

Serbiya futbol ittifoqi Lozannadagi (Shveytsariya) Sport arbitraj sudiga (CAS) Kosovo futbol federatsiyasining UYeFA a'zoligiga kiritilgani yuzasidan apellyatsiya bilan murojaat qilgan. Bu haqda Politica nashri vaziyatdan boxabar manbalariga asoslangan holda xabar bergan.

Serbiya futbol ittifoqi vakillari 13 may kuni Sport arbitraj sudiga barcha kerakli hujjatlarni yuborgan. Apellyatsiya yaqin kunlarda ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Serbiya tomoni Kosovoning UYeFAga qabul qilinishi xato bo‘lgani haqida qaror chiqarishiga umid qilmoqda.

Kosovo futbol tashkilotini UYeFAga qo‘shish qarori tashkilotning may oyi boshida bo‘lib o‘tgan kongressida qabul qilingandi. Bu mamlakatning a'zoligi uchun 28 a'zo rozilik bildirgan, 24 a'zo esa qarshi bo‘lgan, 2ta byulleten haqiqiy emas deb topilgan.

Meksikada 12—13 may kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning kongressida Kosovo va Gibraltar tashkilotning 210 va 211-a'zolariga aylandi. Shu tariqa, ushbu mamlakat terma jamoalari JCh–2018 turnirining saralash bahslarida ishtirok etishi mumkin, ammo bu borada qaror hozircha qabul qilinmadi.

Kosovo respublikasi BMT a'zosi hisoblanmaydi. Kosovo Serbiyadan ajralib mustaqil bo‘lganini Rossiya, Xitoy, Hindiston va Braziliya kabi yirik davlatlar tan olgan.

Top