Jahon | 12:20 / 19.05.2016
3845
1 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni qat'iylashtirdi

Shveytsariya Pxenyan raketa-yadro dasturiga javob tariqasida Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga nisbatan sanksiyalarni qat'iylashtirishga qaror qildi. Bu haqda Swissinfo.ch portaliga asoslanib TASS xabar bermoqda. 

Vazirlar mahkamasi qaroriga binoan, 18 maydan boshlab Shimoliy Koreya banklariga Shveytsariya hududida bo‘lim ochish man etiladi, Shveytsariyaning moliya institutlariga esa KXDRda filial ochish taqiqlanadi. 

Shuningdek, Shimoliy Koreya hukumati hamda Koreya Mehnat partiyasining barcha moliyaviy aktivlari, agar ulardan Pxenyan yadro yoki raketa dasturlari yoki boshqa taqiqlangan amaliyotlarini moliyalashtirish yo‘lida foydalanilsa, muzlatib qo‘yishga qaror qilindi. Natijada, Shimoliy Koreya banklari Shveytsariyadagi bo‘linmalari faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. KXDR diplomatik namoyondalarning hisob raqamlari uchungina istisno holatlari kiritildi. 

Shu bilan birga, Shimoliy Koreyaga Shveytsariya mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ham yangi cheklovlar tatbiq etilmoqda.