O‘rta Yer dengizida muhojirlar harakatini kuzatuvchi Falcon samolyoti A320 samolyotini qidirishga jalb etildi
Fransiya Harbiy havo kuchlarining O‘rta Yer dengizi hududida Yaqin Sharq va Afrika shimolidan muhojirlarning kemalari harakatini kuzatish bilan shug‘ullanadigan Falcon samolyoti Misrning A320 samolyotini qidirish ishlariga safarbar etildi. Bu haqda "Interfaks" agentligi xabar tarqatgan.
Fransiya armiyasi vakili Jil Jaronning ma'lum qilishicha, voqea ro‘y bergani taxmin qilingan hududga fransuzlarning yana bir samolyoti va kemasi yuborilgan.
Bundan oldinroq, Fransiya rahbari Fransua Ollan bortida 66 kishi bo‘lgan EgyptAir aviakompaniyasi samolyoti Parijdan Qohiraga uchish vaqtida O‘rta Yer dengizi hududida halokatga uchragani to‘g‘risidagi ma'lumotni tasdiqladi.
A320 layneri bortida 56 nafar yo‘lovchi va 10 ekipaj a'zosi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida 30 nafari Misr, shuningdek, 15 — Fransiya, 2 — Iroq, bir nafardan — Buyuk Britaniya, Belgiya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Sudan, Chad, Portugaliya, Jazoir va Kanada fuqarolari bo‘lgan.