Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada “Hayot haqiqatini aks ettirishda jurnalist pozitsiyasi: yutuq, tajriba va istiqboldagi vazifalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
Farg‘onada O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limlari, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi hamkorligida “Hayot haqiqatini aks ettirishda jurnalist pozitsiyasi: yutuq, tajriba va istiqboldagi vazifalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Bugungi shiddatli va tezkor zamon ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasiga katta mas'uliyat yuklamoqda. Ommaviy axborot vositalarining nafaqat ma'lumot, xabar tarqatishi, balki odamlarning o‘y-fikrlari, voqea-hodisalarga munosabati va pozitsiyasi erkin ifoda etiladigan minbarga aylanishini davr taqozo etmoqda.
Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham ana shu talab asosidagi o‘zgarish va yangilanishlarni kuzatish mumkin. Bu borada Prezidentimiz tomonidan sohani rivojlantirish va uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilingani, mavjud qonunchilikning takomillashtirib borilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilib berilgan ustuvor vazifalar soha taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
– Farg‘ona viloyatida 77 gazeta va 10 jurnal faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi rahbari M.Aliyev. – Ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida tobora muhim o‘rin egallamoqda. Ommaviy axborot vositalarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga oid axborotlarni muntazam berib borish yo‘lga qo‘yildi. Hokimlar va ularning o‘rinbosarlari, tegishli davlat boshqaruvi idoralari rahbarlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dasturlar ijrosi, fuqarolar murojaatlari yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqish qilmoqda. Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan tanqidiy va tahliliy maqolalar salmog‘i ortib borayotir.
Hududiy ommaviy axborot vositalari muharrirlari, jurnalistlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etgan tadbirda jurnalist mas'uliyati, axborot va so‘z erkinligini ta'minlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan tanqidiy-tahliliy materiallar, kuzatilayotgan ayrim kamchiliklar va ularni bartaraf etish xususida fikr almashildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri.