12:03 / 20.05.2016
13590

Samsung ko‘zgu-displeylari birinchi marta amalda qo‘llana boshlandi

Samsung korporatsiyasi deyarli bir yil avval Retail Asia Expo 2015 ko‘rgazmasida birinchi ko‘zgusimon va shaffof OLED displeylarini namoyish etgan edi. Endi Janubiy Koreya korporatsiyasi ushbu ko‘zgusimon OLED displeylari birinchi marta hayotga tatbiq etilganini ma'lum qildi. G‘aroyib “ko‘zgu” Seuldagi Leekaja Hairbis go‘zallik studiyasida qo‘llana boshladi. 

55 dyuymli yangi dastyor yordamida go‘zallik saloni mijozlari soch kesish va soch turmaklarini o‘zlarida virtual moslab ko‘rishlari, sochlarni bo‘yash uchun rang tanlashlari mumkin, qolaversa, usta o‘z ishini bajarayotgan paytda moda sanoatining so‘nggi yangiliklaridan boxabar bo‘la oladilar. 

Samsung ularning mahsuloti nafaqat sartaroshxonalar, balki boshqa muassasalar: do‘kon, butik, mebel savdosi hamda interer dizaynerlari ofislarida ham ommalashib ketishiga umid bildirdi.

Ko‘zgu-displeylarining erkin savdosi ushbu yilning uchinchi kvartaliga mo‘ljallangan. Uning narxi esa hali aniq belgilanmadi.

 

Top