Toshkentda «Mening biznes g‘oyam» tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida «Mening biznes g‘oyam» tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan tanlovning joriy yilgi bosqichlarida 1 ming 500 dan ziyod targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, ularda 187 mingdan ziyod kasb-hunar kolleji va akademik litseylar bitiruvchilari qatnashdi.
Tanlovning hududiy bosqichlari doirasida malakali mutaxassislar tomonidan har bir tuman va shahardan 10 nafardan biznes g‘oyasi iqtisodiy samarador deb topilgan yoshlar uchun tadbirkorlikning turli sohalari bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi. Seminarlarda faol qatnashgan hamda biznes rejalari samarali deb topilgan 518 ishtirokchiga tijorat banklari tomonidan 6,1 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi tavsiyanomalar berildi.
Hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan kollej va litseylarning 150 bitiruvchisiga Soliq va Bank-moliya akademiyalari, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Kamolot» yoshlar oromgohida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
– Ushbu o‘quv mashg‘ulotlarida biznes rejalarni amalga tatbiq etish bilan bog‘liq ko‘plab muhim ma'lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Navoiy viloyati Nurota tumanidagi 2-qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Elshod Boboqulov. – Tijorat banklarining kredit siyosati, marketing strategiyasi, kichik biznesda buxgalteriya hisobini yuritish, biznesni sug‘urtalash mavzularidagi ma'ruzalar faoliyatimizni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishimizda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
O‘quv oromgohida faol qatnashgan hamda biznes rejalari samarali deb topilgan 50 ishtirokchiga tijorat banklari tomonidan 640 million so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi diplomlar topshirildi. 100 nafariga biznes rejalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 1 milliard 400 million so‘mdan ortiq kreditlar olish huquqini beruvchi tavsiyanomalar berildi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, garov ta'minotiga ehtiyoji bo‘lgan yosh tadbirkorlarning sug‘urta himoyasini ta'minlash maqsadida mamlakatimiz sug‘urta bozorida ilk marotaba «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Yosh tadbirkorlarning kredit qaytarilmasligi bo‘yicha javobgarligini sug‘urta qilish» deb nomlangan sug‘urta turi ishlab chiqildi. «Mening biznes g‘oyam» tanlovining mamlakat bosqichi ishtirokchilaridan 16 nafari mazkur sug‘urta polislarini olish imkonini beruvchi diplom bilan taqdirlandi.
Tanlovning «Eng yaxshi innovatsion g‘oya», «Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyiha», «Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan yosh tadbirkor», «Eng chekka qishloq joyda maishiy xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirishga hissa qo‘shgan yosh tadbirkor», «Ijtimoiy tadbirkorlikka yo‘naltirilgan loyiha» nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.